Bir oylik harbiy xizmat kerakmi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan bir oylik harbiy xizmat kerakmi, u qanchalik o‘zini oqlaydi, degan savollar ko‘tarildi. Ushbu savolga qo‘mita raisi Erkin Salixov shunday javob berdi:
— Harbiy xizmat borasida muddatli va safarbarlik xizmat turlari bor. Ya’ni muddatli harbiy xizmat bu bir yillik, safarbarlik harbiy xizmat bir oylik hisoblanadi. Bir oy davomida ham muayyan malakaga ega bo‘lish mumkin. Qolaversa, bir oylik harbiy xizmatni o‘taganlar mamlakat Qurolli Kuchlari rezerviga kiritiladi.
Darhaqiqat, mudofaa va xavfsizlik masalalari mamlakatimiz hayotidagi eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu borada parlament quyi palatasidagi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizning mudofaa salohiyatini oshirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash kabi muhim yo‘nalishlarning huquqiy poydevorini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshiradigan ishlari dolzarb ahamiyatga ega.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, qo‘mita o‘tgan 2021 yil davomida norma ijodkorligi yo‘nalishida 25 ta qonun loyihasi uchun mas’ul bo‘ldi. Qo‘mita a’zolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 2 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi va qabul qilindi.
Shuningdek, parlament nazorati tadbirlari doirasida qonun va qonunosti hujjatlarining ijro etilish holatini hududlarga chiqqan holda o‘rganish hamda tegishli vazirlik va idoralarning axborotlarini eshitib borishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Janubiy-G‘arbiy harbiy okrug faoliyati nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi. Harbiy xizmat oldidan tibbiy ko‘riklarni tashkil etish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash va Mudofaa vazirliklarining faoliyati yuzasidan axborotlari eshitilgan. Unga qadar vloyatlarga chiqqan holda tibbiy ko‘riklarni tashkil etish holati, yaratilgan sharoitlar, shifokorlarning salohiyati hamda tibbiy buyumlar o‘rganildi.
Shuningdek, qo‘mita tashabbusi bilan ichki ishlar vaziriga parlament so‘rovi yuborildi. Qo‘mita a’zolari tomonidan mansabdor shaxslarga saylovchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 48 ta deputatlik so‘rovi jo‘natildi.
Hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda ularni hal etishga alohida e’tibor qaratildi. Shunga ko‘ra, qo‘mita nomiga kelib tushgan 700 ta murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etildi.
Matbuot anjumani savol-javoblarga boy bo‘ldi. Jurnalistlar harbiy xizmat oldidan o‘tkaziladigan tibbiy ko‘riklar va harbiy xizmatga yuborishdagi korrupsion holatlar, jazoni ijro etish muassasalaridagi shart-sharoit va mahkumlarning murojaatlari bilan bog‘liq qator savollariga batafsil javoblar oldilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA