Bir oila buzilsa – Arsh larzaga kelar ekan...
Jizzax viloyatida joriy yilning o‘tgan 4 oyida 562 ta oilaviy ajrim qayd etilib, 281 ta oila yarashtirilgan.
Islomiy kitoblarda – bir oila buzilsa Arsh larzaga kelar ekan, deya qayt etilgan. Shu sababdan ota-bobolarimiz oila mustahkamligiga jiddiy e’tibor qaratgan. Hatto, 15-20 yillab farzand ko‘rmagan oilalarni ham ajralib ketishiga yo‘l qo‘ymagan. Chunki ular oila muqaddasligini qalb-qalbidan his qila bilgan.
Bugun tibbiyot rivojlanib, bepushtlikni davolash oddiy holga aylandi. Qolaversa farzandsizlik sababli bo‘ladigan oilaviy ajrimlar bor-yo‘g‘i 2 foizni tashkil etar ekan. Ayni paytda yildan-yilga va hatto, oydan-oyga oilaviy ajrimlar soni ortib bormoqda. Eng achinarlisi, bu ajrimlarga iqtisodiy yetishmovchilik, moddiy ta’minotning pastligi, ishsizlik, qaynona-kelin o‘rtasidagi kelishmovchilik, turli gap-so‘z, mish-mishlar sabab bo‘lmoqda.
Mamlakatimizning barcha hududlaridagi kabi, Jizzax viloyatida ham oilaviy ajralishlarning oldini olish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Hatto shu, o‘ta jiddiy masalada Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining joriy yil iyun oyida o‘tkazilgan sessiyasida maxsus qaror qabul qilindi. Viloyatda o‘tgan 4 oy davomida 562 ta oilaviy ajrim holati qayd etilgan. Bu har bir oyga o‘rtacha 140 tadan ortiq oila buzildi, degani. Qolaversa, bu ko‘rsatkich o‘tgan 2021 yilning shu davriga nisbatan ajrimlar sonini 142 taga oshganini ko‘rsatadi.
Viloyatda qayd etilgan oilaviy ajrimlardagi raqamlarga e’tibor qaratsak, ajrashganlarning 80 nafari hali bir yil ham bir oila bo‘lib yashamagan. 272 nafari 1 yildan 5 yilgacha, 156 nafari 5 yildan 10 yilgacha, 54 nafari 10 yildan ortiq birgalikda yashagan oilalardan iborat. Shahar va tumanlar, qishloq va mahallalarda ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirish maqsadida mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Biroq, yarashtirishning imkoni bo‘lmaganligi, yana ham aniqroq aytsak, bu oilalarni yarashtirish ushbu komissiya vakillarining qo‘lidan kelmaganligi sababli, shuncha ajrim holati yuzaga kelgan.
Biz – “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” komissiyasi a’zolarining ishi qoniqarsiz deyishdan yiroqmiz. Ushbu komissiya tomonidan viloyatdagi mavjud 300 dan ortiq mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlarining har birida nikohlarini bekor qilish uchun sudga, FHDYO bo‘limlariga ariza bergan oilalar ro‘yxati shakllantirilib, oilaning ajrim yoqasiga kelish sabablari o‘rganilgan, ularga oilada yuzaga kelgan nosog‘lom muhitning sabablarini bartaraf etishda va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashda yordam berilgan. Jumladan, komissiya tomonidan oilaviy ajrim yoqasiga kelib qolgan 479 ta oiladan 281 tasi yarashtirilgan. Oila va xotin-qizlar bo‘limlari tomonidan shahar va tumanlarda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilaviy ajrimlarni oldini olish bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, seminar-treninglar o‘tkazilgan.
Viloyat adliya boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi bilan birgalikda FHDYO bo‘limlariga nikohini bekor qilish uchun ariza bilan murojaat qilgan fuqarolar, o‘z farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan qasddan bosh tortib kelayotgan fuqarolarning oilasini saqlab qolish yuzasidan hamkorlik o‘rnatilmoqda. Endilikda, shahar va tumanlar hokimlariga (sektor rahbarlari ishtirokida) mahallalarda oilaviy ajrim holatiga kelib qolgan oila vakillari ishtirokida “Oila muqaddas” masalasida tashkil qilinadigan qabul kunlariga shaxsan hokimlar hamda sektor rahbarlari ishtiroki ta’minlanadigan bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi 285-sonli qaroriga asosan 2021 yilda Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xotin-qizlar uchun quriladigan uy-joylarda qurilish ishlari nazorat qilinayotir.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 6 dekabrdagi 737-sonli qaroriga muvofiq sotib olingan ijtimoiy uy-joylarga Uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlashga ko‘maklashish komissiyasi xulosasiga asosan ayollarni joylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatning barcha shahar va tuman hokimliklarida alohida “Madad” xonasi tashkil etilib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Hududlarda xotin-qizlarni o‘qitish markazlarini tashkil qilib, bank kreditlari ajratish, subsidiyalar berish, ustoz-shogird, hunarmandchilikka yo‘naltirishdagi barcha sohalar bo‘yicha bandlik qamrovini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA