“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili amalda
Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasida doimiy faoliyat yurituvchi senator Mahmudjon Parpiyev Namangan viloyatining Uychi tumanida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar holatini o‘rgandi.
Hududlarni kompleks rivojlantirish borasida ishni “Mahallabay” tashkil etish aniq natija beradigan tizim ekanligi amalda isbotlanmoqda. Uychi tumanida o‘ziga xos tizim yaratilgan bo‘lib, mahallaning ixtisoslashuvidan kelib chiqib o‘sish nuqtalari belgilangan. “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili bo‘yicha ixtisoslashish orqali har bir mahallada azaldan rivojlangan sohalar, ya’ni mahalliy aholi ko‘proq qaysi faoliyat turi bilan shug‘ullansa, aynan shu va shunga yondosh faoliyat turlarini yanada rivojlantirish, bu borada yakka tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, bozor talabiga muvofiq muayyan soha izchil yo‘lga qo‘yilmoqda.

Tumanning Obod mahallasida 8 mingga yaqin aholi yashaydi. 1 ming 112 xonadon bor. 3700 nafardan ortiq ishga layoqatli inson qadrdon qishlog‘ida o‘ziga yoqadigan, ro‘zg‘orini boyitadigan soha bilan band. Yil davomida pomidor va bodring ko‘chati tayyorlanib, bozorga chiqariladi. Gulchilikka shaydolik obodliklarga ota-bobolardan meros. Bu “biznes” ham hozirgi imkoniyatlar davrida jadal rivojlanmoqda. Aksariyat xonadonlarda issiqxonalar mavjud. Har yili 30-50 million so‘mni halol mehnati bilan daromad qilayotgan mirishkorlar juda ko‘p.

Har ikki hovlining bittasida yong‘oq daraxti bor. Yong‘oq mag‘zini eksportga tayyorlashni ham obodliklar joyiga qo‘ygan. Qishloqning yana bir diqqatga sazovor “biznesi” – yakka tadbirkor Ilhomjon Usmonovga qarashli meva yig‘ish va eksportga tayyorlash kichik korxonasi hisoblanadi. 500 dan ortiq shu qishloq yoshlari apreldan noyabrga qadar o‘z hududlaridagi hamda qo‘shni qishloqlardagi aholining meva va boshqa mahsulotlarini yig‘ib-terib ushbu sexga toshirishadi. Hisob-kitob tarozining ustida. Darvoqe, kichik korxonaga 100 ta “Damas” xizmat qiladi, ya’ni shuncha yigitning qozoni qaynayapti. Senator xonadonlarda bo‘lib, tuman mutasaddilari, mahalla “beshligi”, aholi vakillariga Oliy Majlis Senatining 41-yalpi majlisida qabul qilingan qonunlar haqida sharh berdi.

Ayniqsa, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida” gi qonun o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilganligini ta’kidladi. Mazkur qonun bilan Soliq kodeksiga va “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risidagi” qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilgani, ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni to‘lashga ruxsat etilishi, “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida” gi qonundan yer uchastkasi maydoniga qo‘yilgan talablar chiqarib tashlanayotganligi bo‘yicha tushuntirishlari muloqot ishtirokchilari tomonidan xursandchilik bilan kutib olindi.

Oliy Majlis Senati a’zosi Mahmudjon Parpiyevning Namangan viloyatidagi o‘rganishlari hamda targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.