Bir lahzalik manfaat — yillarga tatiydigan pushaymon
Korrupsiyaning eng og‘ir jazosi ba’zan sud hukmida emas, insonning qalbida boshlanadi. Zero, qonunbuzarlik ortidan keladigan jazo — ozodlikdan mahrum bo‘lish bilan cheklanmaydi. U insonning obro‘si, oilasi tinchligi, yaqinlari ishonchi, yillar davomida shakllangan qadr-qimmatiga ham soya soladi. Eng achinarlisi, ayrim hollarda bir lahzalik manfaat ortidan quvish butun bir umrlik pushaymonga aylanishi mumkin.
Bugun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, balki butun jamiyatning ustuvor vazifalaridan biri sifatida qaralmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu illatning ildizlarini bartaraf etish, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish, halollik va qonun ustuvorligini hayot tarziga aylantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Zero, korrupsiyaga qarshi kurash faqat jinoyat sodir etilgandan keyin jazolash emas. Eng muhimi — insonni jinoyatga yetaklaydigan omillarni barvaqt anglatish, unda qonunga hurmat, halol mehnat va yuksak mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirishdir.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisining 2026-yil 10-martdagi bayonnomasi bilan tasdiqlangan Harakatlar rejasining ijrosini ta’minlash, shuningdek, Buxoro viloyati hokimining 2026-yil 5-sentabrdagi dasturiga muvofiq navbatdagi profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Buxoro viloyati hokimligi boshqaruv apparati Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat sho‘’basi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligining Buxoro viloyati filiali hamkorligida hokimlik tizimi va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari Kogon tumanidagi 1-son jazoni ijro etish koloniyasiga bordi.
Bu oddiy tanishuv emas, balki inson taqdiri orqali katta hayotiy haqiqatni anglashga qaratilgan o‘ziga xos tarbiyaviy tadbir bo‘ldi.
Ishtirokchilar jazoni ijro etish muassasasining infratuzilmasi, mahkumlarni saqlash sharoitlari, ichki tartib-qoidalar va kundalik hayot tartibi bilan yaqindan tanishishdi.
Biroq tadbirning eng ta’sirchan qismi mahkumlar bilan yuzma-yuz muloqot bo‘ldi.

Ularning hayot yo‘li, qilgan xatolari, qarorlarining oqibatlari, oilasi va yaqinlari bilan bog‘liq kechinmalari haqidagi samimiy fikrlari tadbir ishtirokchilariga jiddiy ta’sir qildi. Chunki ba’zan huquqiy hujjatlardagi birgina modda ortida insonning butun taqdiri, bir oilaning iztirobi, farzandlarning ko‘z yoshi va yillar davomida tiklangan ishonchning yemirilishi yotishi mumkin.
Mahkumlarning hayotiy iqrorlari bir haqiqatni yana bir bor tasdiqladi: jinoyatga olib boruvchi yo‘l ko‘pincha kichik va ahamiyatsizdek ko‘ringan qadamdan boshlanadi. Ammo uning oqibati butun umrga tatishi mumkin.
Korrupsiya haqida gap ketganda, odatda, birinchi navbatda jinoiy javobgarlik, jarima yoki ozodlikdan mahrum etish kabi jazolar ko‘z oldimizga keladi. Ammo uning inson hayotiga yetkazadigan zarari bundan ancha keng.

Korrupsiyaga aralashgan inson, avvalo, o‘zining obro‘-e’tiborini xavf ostiga qo‘yadi. Yillar davomida mehnat bilan orttirilgan ishonch bir lahzada barbod bo‘lishi mumkin. Oila a’zolari, farzandlar, ota-ona va yaqinlar hurmatiga ham jiddiy putur yetadi. Eng og‘iri esa — inson o‘z xatosining nafaqat huquqiy, balki ma’naviy oqibatlari bilan ham yuzma-yuz qoladi.
Tadbir davomida aynan shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Davlat xizmatchilariga korrupsiyaviy jinoyatlarning huquqiy va ijtimoiy oqibatlari hayotiy misollar asosida tushuntirildi. Xizmat vakolatlaridan qonunga xilof ravishda foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik, davlat va jamiyat manfaatlarini shaxsiy manfaatlardan ustun qo‘yish, har qanday vaziyatda qonun talablariga qat’iy amal qilish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat xizmati — shunchaki lavozim emas. Bu, avvalo, xalq ishonchi va yuksak mas’uliyatdir. Bugun davlat fuqarolik xizmatchilari uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning kasbiy salohiyatini oshirish, xizmat faoliyatini takomillashtirish, munosib rag‘batlantirish va professional kadrlar zaxirasini shakllantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning zamirida ham ana shu ezgu maqsad — davlat idoralarini xalqqa xizmat qiladigan, ochiq, adolatli va samarali tizimga aylantirish g‘oyasi mujassam.
Shu bois davlat xizmatchisiga bildirilayotgan ishonchni oqlash, yaratilgan imkoniyatlarning qadriga yetish, o‘z vazifasini halol va vijdonan bajarish, xalq manfaatini shaxsiy manfaatdan ustun qo‘yish — har bir xizmatchining eng muhim burchidir.
Zero, lavozim insonga imtiyoz emas, mas’uliyat yuklaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri