Bir guruh jurnalistlarga uyushmaga a’zolik guvohnomalari topshirildi
Navoiy shahridagi "Yoshlar media markazi"da O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyat bo‘limi tomonidan Mustaqilligimizning 35 yilligi bayrami munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” bosh g‘oyasi asosida tadbir tashkil etildi.
Uyushmaning Navoiy viloyat bo‘limi raisi Otabek Aslonov olib borgan tadbirda faxriy jurnalist, uyushma a’zosi Ibrohim Jumayev, tajribali telejurnalist G‘ulom Sultonov va boshqalar soha rivoji, “Ustoz-shogird” an’analari asosida amalga oshirilayotgan ishlar, bosma nashrlar hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uyushmaning viloyat bo‘limi faoliyatidagi o‘zgarishlar, OAV vakillariga yaratilayotgan imkoniyatlar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbir doirasida bir guruh navoiylik jurnalistlarga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga a’zolik guvohnomalari va ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida 59 nafar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, bayram arafasida ularning safi yana 9 taga ko‘paydi va 68 nafarga yetdi.
Uyushma a’zolarining ko‘pchiligini yoshlar tashkil etadi. 2021-2025-yillar davomida islohotlarni aholiga yetkazishdagi faolligi va jurnalistika sohasini rivojlantirishdagi munosib xizmatlari e’tirofi sifatida navoiylik uyushma a’zolaridan bir nafari “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist”,i, bir nafari “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvonlariga, 5 nafari “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordeni, 6 nafari esa “Shuhrat” medali hamda bir nafar jurnalist “Sog‘lom turmush” medaliga sazovor bo‘lgan. 3 nafari ayni paytda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputati sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Viloyat jurnalistlari orasida 10 nafardan ortiq uyushma a’zolari esa “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindorlari hisoblanadi.
2026-yilda uyushma a’zolaridan viloyatimiz matbuotida uzoq yillar samarali qalam tebratgan shoira Salima Umarovaning Vatanimizning yuksak mukofoti “Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlanganligi, qolaversa, aynan yurtimizdagi sohaga oid eng nufuzli milliy mukofot – “Oltin qalam” xalqaro Milliy mukofotiga viloyat “Navoiy teleradiokanali” radio guruhi muxbiri Shahnoza Mahmudovaning loyiq ko‘rilgani o‘z bilim va salohiyati bilan ijtimoiy jarayonlar mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazayotgan jurnalistlar mehnatining yuksak e’tirofidir.
– Har qanday rag‘bat va e’tirof ijodkorga kuch beradi, ilhom bag‘ishlaydi, – deydi uyushma a’zoligiga yangi qabul qilingan jurnalist Gulchehra Berdiyorova. – O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi degan nomni olishning o‘zi mas’uliyat. Tabiiyki, mas’uliyat bor joyda tinimsiz mehnat, so‘zingiz, qalamingiz bilan insonlar qalbiga kirib borish vazifasi yotadi. Bosma nashrlarda faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistdan bugungi davr ko‘proq tahliliy va mushohadali materiallar tayyorlashni taqozo etmoqda. Men e’tibordan kuch olib, kelgusida ham dolzarb maqolalar, materiallar tayyorlashni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/31087]
Tadbir jarayonida istiqlol yillarida milliy adabiyot va jurnalistika sohalarida yuzaga kelgan yangi imkoniyatlar, ijod ahlining jamiyat ma’naviy hayotidagi o‘rni, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar haqida fikr almashildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari