Bilimlar jangidan g‘alaba sari
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda «O‘zmilliybank» AJning 35 yillik yubileyi munosabati bilan tashkil etilgan «Vatan ravnaqi uchun birlashamiz!» ko‘rik-tanlovi doirasida «Bilimlar jangi» — «Zakovat» intellektual bellashuvi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahridagi «Zakovat» arenasida o‘tkazilgan bellashuvda bankning turli bo‘linmalari va hududiy Bosh boshqarmalaridan saralangan 40 dan ortiq jamoa ishtirok etdi. Ushbu intellekual o‘yin juda zavqli, kutilmagan savollarga boy, ishtirokchilar bilimi va tafakkurini yuksaltirishga xizmat qilshgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bellashuv davomida ishtirokchilar o‘zlarining bilim va dunyoqarashi, mantiqiy hamda tahliliy fikrlashi, tezkor qaror qabul qilishi, shuningdek, jamoa bilan birgalikda yechim topish qobiliyatlarini namoyon etdi. Har bir savol jamoalardan nafaqat bilim, balki diqqat, tezkorlik va o‘zaro hamjihatlikni ham talab qildi.
Turli hudud va bo‘linmalardan jamlangan jamoalar o‘rtasidagi bellashuv ishtirokchilar uchun o‘zaro tajriba va fikr almashish, bilimlarini sinab ko‘rish hamda jamoaviy salohiyatini namoyon etish uchun yaxshi imkoniyat yaratdi. Intellektual musobaqa davomida jamoalar har bir savolga birgalikda yondashib, eng maqbul javobni qisqa vaqt ichida topishga harakat qildi.
Ishtirokchilarning yuqori tayyorgarligi, faolligi va qiziqishi bellashuvning yanada qizg‘in va mazmunli o‘tishiga zamin yaratdi. «Zakovat» maydonidagi har bir tur jamoalar uchun bilim, tajriba va tezkor fikrlash qobiliyatini sinovdan o‘tkazuvchi yangi bosqich bo‘ldi.
Bellashuv yakunida eng yuqori natijalarni qayd etgan jamoalar I, II va III faxrli o‘rinlarni egalladi. G‘olib va sovrindor jamoalarga diplom, vaucher hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, jamoalarning bellashuv davomida namoyon etgan ijodkorligi, hamjihatligi va faol ishtiroki ham alohida e’tirof etildi. «Eng yaxshi videolavha», «Eng intiluvchan jamoa», «Eng tavakkalchi jamoa» kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham munosib ishtirokchilar taqdirlandi.
Musobaqadagi do‘stona va sog‘lom raqobat muhiti ishtirokchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Jamoalar nafaqat o‘zlarining intellektual salohiyatini, balki yagona maqsad sari birlashib, hamjihatlik bilan harakat qila olish qobiliyatini ham namoyon etdi.
[gallery-31402]
«Bilimlar jangi» ishtirokchilar uchun o‘z bilimini sinash bilan birga, hamkasblar bilan bir maqsad sari birlashish, fikr almashish va jamoaviy ruhni namoyon etish imkoniyatini yaratdi. Bunday intellektual bellashuvlar xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, yangi qobiliyatlarini kashf etish va o‘zaro muloqotini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, ularni kelgusidagi intellektual musobaqalarda yanada faol ishtirok etishga ruhlantirdi. «Bilimlar jangi»ning yuqori saviyada tashkil etilgani «Zakovat» maydonidagi bellashuvni nafaqat bilim va tafakkur sinovi, balki jamoaviy ruh, do‘stona raqobat va hamkorlikni namoyon etgan muhim tadbirga aylantirdi.
Tadbir «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyatining 35 yillik yubileyi va mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirlari doirasida mazmunli va intellektual ruhdagi uchrashuvlardan biri bo‘ldi.
Nazokat Usmonova,
Asliddin Alijonov (suratlar), O‘zA