Bilim maydonida kuchlilar saralandi
Sirdaryo viloyatida "Yoshlar oyligi" doirasida tashkil etilgan "Zakovat" intellektual o‘yini bu safar o‘ziga xos formatda o‘tkazildi. An’anaviy ravishda yopiq binoda emas, balki Guliston shahridagi viloyat "Yoshlar markazi" hovlisida, ochiq osmon ostida tashkil etilgan turnir yuzlab yoshlarni bir maydonga jamladi.
Ochiq osmon ostida o‘tgan intellektual bellashuv nafaqat bilimlar sinovi, balki yoshlarning do‘stona muloqoti, jamoaviy hamjihatligi va sog‘lom raqobat maydoniga aylandi. Turnirda viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi mahallalardan saralangan 42 ta jamoa Sirdaryo viloyati hokimi kubogi uchun bahs olib bordi.
Bir necha bosqichda kechgan qizg‘in bellashuvlarda ishtirokchilar tarix, adabiyot, fan, madaniyat, zamonaviy texnologiyalar va mantiqiy savollar bo‘yicha o‘z bilim va zakovatini sinovdan o‘tkazdi. Har bir savol jamoalardan nafaqat keng dunyoqarash, balki tezkor fikrlash, o‘zaro hamjihatlik va aniq qaror qabul qilish mahoratini ham talab qildi.
Turnirning taqdirlash marosimida Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev ishtirokchilarni munosib o‘yin bilan tabriklab, intellektual bellashuvlar yoshlarning bilimga intilishini kuchaytirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
[gallery-30145]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin Sardoba tumanining Qo‘rg‘ontepa mahallasi jamoasiga nasib etdi. 2-o‘rinни Yangiyer shahrining Shukrona mahallasi jamoasi egallagan bo‘lsa, 3-o‘rinга Sayxunobod tumanining O‘rikzor mahallasi jamoasi sazovor bo‘ldi.
G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Turnirning bosh sovrini — "Sirdaryo viloyati hokimi kubogi" esa birinchi o‘rin sohibi bo‘lgan Sardoba tumanining Qo‘rg‘ontepa mahallasi jamoasiga tantanali ravishda topshirildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA