Betakror soʻz sanʼatkori
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Oʻzbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmad tavalludining 100-yilligiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.
Said Ahmad tavalludining 100-yilligi
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Axborot- kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida tashkil etilgan ushbu xotira kechasi “Said Ahmad – betakror soʻz sanʼatkori” deb nomlandi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov va boshqalar milliy adabiyotimiz, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish kabi masalalar doimiy eʼtiborda ekanini taʼkidladi.
Said Ahmad asarlari teranligi, badiiy yuksakligi bilan milliy adabiyotimizda alohida oʻrin egallaydi. Adibning hayot yoʻli, goʻzal romanlari, rang-barang qissa va hikoyalari, sahna asarlaridagi umr manzaralari, insonning nozik qalb kechinmalari tasviri oʻzining milliyligi va xalqchilligi bilan adabiyot muxlislarining mehriga sazovor boʻlgan.
Taʼkidlash joiz, adib ijodining kattagina qismi hajviy-yumoristik hikoyalar, qissalar, komediyalardan iborat. “Er yurak”, “Fargʻona hikoyalari”, “Choʻl burguti”, “Choʻl oqshomlari”, “Odam va boʻron”, “Yoʻqotganlarim va topganlarim”, “Qorakoʻz majnun”, “Kiprikda qolgan tong” kabi asarlar shular jumlasidandir. “Ufq” trilogiyasi, “Jimjitlik” romani, “Xandon pista” va “Bir oʻpichning bahosi” hajviy toʻplamlari, uch jildli “Tanlangan asarlar”i adabiyot muxlislariga yaxshi tanish.
Uning yumoristik mahorati “Kelinlar qoʻzgʻaloni” va “Kuyov” komediyalarida yorqin namoyon boʻlgan. “Kelinlar koʻzgʻaloni” asari dunyoning koʻplab mamlakatlarida sahnalashtirilgan.
“Ufq” romani XX asr millat hayotining oʻn yillik davri – Ikkinchi jahon urushi, urush va urushdan keyingi yillar voqealarini oʻz ichiga oladi. Trilogiyada oʻsha yillari xalq boshiga tushgan musibatlar, odamlar koʻksidagi armonlar, shu musibatlarni yengishga qodir mislsiz matonat va shijoatlar yozuvchi isteʼdodiga xos yorqin ehtiros bilan aks ettirilgan. “Jimjitlik” romanida esa sirtdan tinch, sokin koʻringan shoʻro davrining ichki dramalari, tuzum inqirozi butun keskinligi, shiddati bilan koʻrsatilgan.
Adibning milliy adabiyotimiz rivojidagi ulkan xizmatlari munosib eʼtirof etilgan. U Oʻzbekiston Qahramoni (1999), “Doʻstlik” (1996) va “Buyuk xizmatlari uchun” (1997) ordenlari bilan mukofotlangan edi. Ayni paytda adabiyotshunoslarning fikricha, xalqning mehri yozuvchi uchun chin maʼnoda katta ragʻbat, ilhom, ijodiy izlanish manbai edi.
Tadbirda Said Ahmadning hayot va ijod yoʻli, asarlaridagi haqiqat manzaralari va insoniy kechinmalarning yorqin ifodasi xususida soʻz bordi.
Maʼnaviyat targʻibotchilari, adabiyot fidoyilarining Said Ahmad hayoti, faoliyati haqidagi iliq xotiralari kechaga samimiy ruh bagʻishladi. Atoqli adib tavalludiga bagʻishlangan mazkur tadbir ishtirokchilarda katta taassurot uygʻotdi.