Beshta muhim tashabbus: eng munosiblar g‘olib bo‘ldi
Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr va konsert saroyida 5 ta muhim tashabbus doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan umumta’lim maktablari jamoalari va o‘quvchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus bunda katta o‘rin tutmoqda. Uning doirasida tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda viloyatdagi 960 ta umumta’lim maktablari ishtirok etib, o‘quvchi-yoshlar iqtidor va mahoratini namoyish etdi.

Taqdirlash marosimida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Risolatxon Mamajonova ko‘rik-tanlov g‘oliblarini erishgan yutuqlari bilan tabrikladi. Bu kabi tadbirlar yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, jinoyatchilik, huquqbuzarliklar kabi salbiy oqibatlarning oldini olishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Ko‘rik-tanlovning “Besh tashabbus – kitob bilan” yo‘nalishida Farg‘ona shahar 5-sonli maktab jamoasi 1-o‘rinni, Toshloq tumani 34-maktab jamoasi 2-o‘rinni, Uchko‘prik tumani 18-maktab jamoasi 3-o‘rinni egalladi. G‘oliblarga diplom va kitoblar jamlanmasi topshirildi.
“Besh tashabbus – besh imkoniyat” yo‘nalishida esa Yozyovon tumani 36-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktab-internati jamoasi 1-o‘ringa munosib ko‘rildi. Quvasoy shahar 1-sonli maktab jamoasi 2-o‘rin, Beshariq tumani 1-sonli maktab jamoasi 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Beshta muhim tashabbus doirasida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat madaniyat boshqarmasi va Marg‘ilon shahar barkamol avlod bolalar maktabi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi.
M. Sulaymonov, O‘zA