“Besh tashabbus paralimpiadasi” g‘oliblari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2022-yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq ta’lim muassasalari, mahalla va qishloqlarda parasport musobaqalari tashkil qilinmoqda.
“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturiga ko‘ra, Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yuqori darajada tashkil etilgan musobaqada hududdagi 50 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 50 nafardan ortiq imkoniyati cheklangan yosh ishtirok etdi. Sportning 5 ta turidan uch bosqichda bo‘lib o‘tgan musobaqada sportsevar yigit-qizlar yengil atletika, stol tennisi, aravachada stol tennisi, shaxmat-shashka turlaridan o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.



Tadbirni o‘tkazishdan maqsad mahalla va qishloqlarda yashovchi navqiron avlod, ya’ni 16-30 yoshlardagi jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan yigit-qizlar o‘rtasida “Besh tashabbus paralimpiadasi”ni tizimli tashkil etish orqali sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, barkamol avlodning ijtimoiy hayotga moslashuv jarayonini tezlashtirish hamda ularni ommaviy sportga jalb etishni yangi bosqichga olib chiqishdir.


Tuman hokimligi, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan “Besh tashabbus” sport musobaqalari doirasida o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan shashka bahsida Akbarshoh Rafiqov birinchi, Murodjon To‘layev ikkinchi, Ulug‘bek Abdullayev uchinchi o‘rinni egalladi. Qizlar o‘rtasidagi shashka musobaqasida esa Saida Safoyeva birinchi, Fazilat Ashrapova ikkinchi, Dilnura Furqatova uchinchi o‘rinni band qildi.Shaxmat, stol tennisi va yengil atletika musobaqalarida Dilshod Dilmurodov, Shoxruh Axtamov, Zebiniso Ahrorova, Jonibek Farhodov, Mirjalol Qosimov, Azizbek Jomurodovlarning qo‘llari baland keldi.


“Besh tashabbus paralimpiadasi” g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri