“Besh tashabbus olimpiadasi”ning mahalla bosqichi o‘tkazildi
Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarining mahalla bosqichlari o‘tkazilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatidagi mahallalarda stol tennisi hamda yengil atletika bo‘yicha musobaqalarning mahalla bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kitob o‘qish, milliy hunarmandchilikka qiziqtirish hamda jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan e’tiborini oshirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda 16-21, 22-26, va 27-30 yosh toifasidagi o‘g‘il-qizlar o‘zaro bellashdi. Jumladan, Parkent tumani Buloqboshi mahallasidan mazkur sport musobaqalariga 205 nafar ishtirokchi qatnashdi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarini o‘tkazish uchun respublikamizning barcha mahallalariga 2 tadan futbol, voleybol va basketbol koptoklari va 4 tadan gimnastrada halqalari yetkazib berildi.

Musobaqalar murosasiz va qiziqarli bo‘ldi. Ayniqsa, o‘g‘il bolalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bellashuvlar ko‘tarinki ruhda va taassurotlarga boy o‘tdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar sektor bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA