“Besh tashabbus olimpiadasi”: g‘alaba ahillik va chaqqonlikda namoyon bo‘ladi
Surxondaryo viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqasining saralash bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida bellashuvlarning tantanali ochilish marosimida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz tomonidan yurtimiz sharafini munosib himoya qilish, shuningdek, talaba-yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish masalalariga e’tibor qaratildi. Tadbirda bellashuv ishtirokchilariga omad tilab, ularga muvaffaqiyatlar yor bo‘lishi istagi bildirildi.

Do‘stlik va jamoaviylik, birdamlik muhitini mustahkamlab, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilayotgan olimpiada doirasida talabalar sportning voleybol, mini-futbol, stritbol, stol tennisi, yengil atletika kabi turlari bo‘yicha o‘zaro bellashib, kuch va mahoratlarini namoyish etmoqda.

– Olimpiada talaba-yoshlarimizning jismoniy faolligini oshirib, ularning bo‘sh vaqtini sermazmun o‘tkazishga ham xizmat qilmoqda, – deydi institut rektori Oybek Ro‘ziyev. – Sog‘lom raqobat muhitini shakllantirib, eng kuchli, eng chaqqon sportchi yoshlarni munosib rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda bunday rag‘batdan ruhlangan umidli yosh sportchilarimiz mamlakat va xalqaro bellashuvlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarmoqda. Musobaqalarning bu yilgi mavsumi ham yuqori ko‘tarinkilikda murosasiz boshlangani talabalarimizning sportga ishtiyoqi yanada oshganidan darak beryapti.

Institutda sportning yengil atletika turi bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvning aralash estafeta bahsida ishtirokchilar tezlik, chaqqonlik va jamoaviy hamjihatligini namoyon etdi. Musobaqa yakunida tadbirkorlik va boshqaruv fakulteti yengil atletikachilari birinchi, pedagogika fakulteti ikkinchi, aniq va tabiiy fanlar fakulteti jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mini-futbol musobaqasida ham g‘oliblik shohsupasi tadbirkorlik va boshqaruv fakulteti sportchilariga nasib etdi. Filologiya fakulteti ikkinchi va pedagogika fakulteti jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan stritbol musobaqasining o‘g‘il bolalar va qizlar bellashuvida yana tadbirkorlik va boshqaruv fakulteti sportchilari g‘oliblikni qo‘ldan bermadi.

Institutda “Besh tashabbus olimpiadasi”ning sport musobaqalari qizg‘in va murosasiz davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri