Besh nafar shaxs muddatidan oldin shartli ozod qilindi
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani yoshlar markazi binosida Jinoyat ishlari bo‘yicha Kasbi tuman sudi tomonidan navbatdagi sayyor sud o‘tkazildi. Unda tuman probatsiya guruhida jazo o‘tab, tuzalish yo‘liga kirgan 5 nafar shaxslar insonparvarlik tamoyiliga amal qilgan holda jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi.
Bosilgan noto‘g‘ri qadamning oqibatlari o‘z vaqtida tushunib yetilsa, kelgusida jamiyatda xotirjamlik hukm surishiga zamin yaratiladi. Binobarin, jinoyatga nisbatan tayinlangan jazoni jazo deb emas, tarbiyaviy ahamiyatiga ko‘proq e’tibor berish mohiyatida adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdek ezgu maqsad mujassam. Bu esa jazo o‘tayotgan mahkumlarga muddatidan avval ozod bo‘lish imkonini ham beradi.


Bo‘lib o‘tgan sud davomida tuman IIB probatsiya guruhida jazo o‘tab kelayotgan mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligi xususidagi xulosalari alohida e’tiborga olinib, unga ko‘ra sud ajrimi e’lon qilindi. Shuningdek, sud davomida berilayotgan imkoniyatning shartli ekanligi, keyingi xatolar og‘irroq jazo berilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi xususida ham huquqiy tushuntirishlar berib o‘tildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri