Besh asrki nazmiy saroyni...
Quyosh Sharqdan chiqib Gʻarbga botar ekan, uning nurlari bir marotaba boʻlsa ham buyuk Alisher Navoiy haykalini yoritib oʻtishi bor haqiqat.
Alisher Navoiy tavalludining 579-yilligi
Quyosh Sharqdan chiqib Gʻarbga botar ekan, uning nurlari bir marotaba boʻlsa ham buyuk Alisher Navoiy haykalini yoritib oʻtishi bor haqiqat. Besh yarim asrdan ziyod vaqt oʻtibdiki, Navoiy siymosi, uning yuksak ijodiy merosi ummon singari hamon mavjlanib turadi. Bashariyat qalbini shams kabi ezgulik nurlari bilan yoritib keladi.
Millat yoʻlini yoritib turgan qalbi quyosh insonlarni tarix sahnasidan, xalq xotirasidan aslo oʻchirib boʻlmaydi. Ne-ne mustabid zamonlar ham ulugʻ Navoiy dahosi oldida ojiz qolgani rost. Ammo yaqin oʻtmishdan maʼlumki, sobiq tuzum xalqning buyuk ruhini soʻndirish uchun uning buyuk ajdodlarini yomonotliqqa chiqarish, shaxsi va ijodini buzib koʻrsatish, atayin bir yoqlama talqin etishga urindi.
Biroq, istiqlolning dastlabki yillaridan milliy oʻzligimizni anglash maqsadida buyuk ajdodlar nomini tiklash, ularning nodir maʼnaviy merosini asrab-avaylashga alohida eʼtibor qaratildi. Ulugʻ mutafakkir nomi tiklanib, mustaqilligimizning dastlabki yili Navoiy yili sifatida kutib olindi. Bugun dunyo xalqlarini hayratga solgan, turkiy va forsiy adabiyotda yuksak mavqega ega buyuk shoir asarlaridan bahramand boʻlmagan el boʻlmasa kerak. Shu bois ilm ahli borki, Navoiyni oʻziga ustoz deb biladi.
Navoiyning ezgulik, muhabbat, doʻstlik, adolat, tinchlik kabi goʻzal fazilatlar, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar toʻgʻrisidagi qimmatli fikrlari yosh avlodni barkamol inson etib tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shoir nomi bilan ataluvchi Navoiy viloyatida ham yoshlarning buyuk ajdodlar merosini puxta oʻrganishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Viloyat markazida qad rostlagan buyuk mutafakkirning muazzam haykali atrofi doim yoshlar bilan gavjum. Xiyobonga tutash muhtasham Yoshlar markazi shijoatli yoshlarning ziyo maskanidir. Bu yerda faoliyat koʻrsatayotgan 15 dan ortiq fan, sport, sanʼat toʻgaraklarida koʻplab isteʼdod egalari boʻsh vaqtlaridan samarali foydalanmoqda.
Bugun shoir nomi bilan ataluvchi viloyatda ulugʻ ajdodimiz tavalludining 579-yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Unda viloyatdagi korxona va tashkilotlar, davlat va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Navoiy shahrida qad rostlagan mir Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyilib, mushoiralar uyushtirildi.
Darhaqiqat, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari, maʼrifat maskanlari, mehmonxona, xalqaro aeroport, erkin iqtisodiy zonaga Navoiy nomi qoʻshib aytiladi. 2001-yilda Navoiy shahridagi markaziy madaniyat va istirohat bogʻida buyuk mutafakkirning muazzam haykali barpo etilib, saylgohga Alisher Navoiy nomi berildi. Toshkentlik isteʼdodli haykaltarosh Anvar Rahmatullayev, meʼmor Bahrom Abdullayev hamda haykaltarosh Pavel Podosipnikov bilan hamkorlikda ishlagan haykal bogʻga maʼnaviy ruh bagʻishlab turibdi.
Markaziy madaniyat va istirohat bogʻida qariyb 20 gektar maydonda 11 milliard soʻmdan ortiq qurilish ishlari olib borilib, maskan butkul yangicha qiyofaga kirdi. 2 ta musiqali favvora oʻrnatildi. Yozgi sahna, 22 attraksion, kurash maydoni, savdo nuqtalari barpo etildi. Shoir hayoti va ijodiga bagʻishlab oʻrnatilgan “Yulduzning tugʻilishi”, “Oʻspirinlik”, “Yoshlik” va “Donishmandlik” deb nomlangan ramziy haykallar turkumi kishini falsafiy mushohadaga chorlaydi. Buyuk zotning bosib oʻtgan umr yoʻlini tasavvur etishga undaydi. Bu yerga kelgan yoshu keksaning qalbiga Farhodning jasorati, Qaysning matonati, Bahromning zakovati jo boʻlishi shubhasiz. Navoiyni oʻrganish yoshlarni halollik, poklik, mardlik, mehr-oqibat va sadoqatga oshno etadi.
Alisher Navoiy haykali atrofiga manzarali daraxtlar ekilib, koʻrkam koʻrinishga keltirildi. Bunday yangilanish va ulkan eʼtibor Navoiy siymosiga qaratilayotgan hurmat ramzidir. Bogʻning shimoliy hududi yangi koʻrinishga kirdi. Eskirgan buta va daraxtlar oʻrniga nina bargli koʻp yillik nihollar ekildi. Qariyb 4 gektar maydonda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Ayni paytda manzarali daraxt koʻchatlarining parvarishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Navoiy shahridagi “Farhod” va “Shirin” madaniyat saroylari madaniyat va maʼrifat maskaniga aylangan. Nufuzli tadbirlar, uchrashuvlar, turli badiiy kechalarning keti uzilmaydi. Har ikki maskanda yosh oʻgʻil-qizlar sanʼat turlari bilan muntazam shugʻullanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, “Farhod” madaniyat saroyining nodir adabiyotlarga boy kutubxonasi oʻquvchi yoshlar bilan doimo gavjum. Saroyning old qismida Farhodning togʻdan suv keltirish ramziy haykali oʻrin olgan. Bu manzarani teran ilgʻagan har bir inson koʻz oldida Navoiyning barhayot gʻoyalari gavdalanadi.
Shaharning serqatnov koʻchalaridan biri Alisher Navoiy koʻchasi keyingi besh yil ichida yana-da koʻrkamlashdi. Shaharni Karmana tuman markazi bilan bogʻlash maqsadida yangidan 3,4 kilometrlik avtomobil yoʻli barpo etildi. Yoʻl atrofida zamonaviy infratuzilmalar va imkoniyatlarni hisobga olgan holda koʻrkam binolar, restoran va savdo markazlari bunyod boʻlayotir. Aynan mazkur yoʻl boʻyida yosh oilalar uchun “Kamolot” uylarining barpo etilayotgani koʻchaga oʻzgacha fayz bagʻishlamoqda
Kundan kun koʻrkam qiyofa kasb etib borayotgan viloyatda shoir ijodi va uning boy ijodiy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, buyuk mutafakkir tavalludining 579-yilligi munosabati bilan talaba hamda oʻquvchilar Navoiy hayotini aks ettiruvchi sahna koʻrinishlarini namoyish etmoqda. Madaniyat saroylari va taʼlim muassasalarida mushoira kechalar uyushtirilayotir.
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida ulugʻ mutafakkir tavalludiga bagʻishlab, badiiy kecha tashkil etildi.