Beruniyda tovlamachilik holati fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani bo‘limi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tovlamachilik holati fosh etildi.
Jumladan, fuqarolar D.A. va A.Yu. fuqaro M.X.ning “U.Z.” oilaviy korxonasiga tegishli savdo do‘konida chek bermaganligi holati bo‘yicha “Soliq” ilovasi orqali ariza bermasligini aytib, 3 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bundan tashqari, D.A. tumanda faoliyat ko‘rsatuvchi 3 ta tadbirkordan chek bermaganlik holati bo‘yicha “Soliq” ilovasi orqali ariza bermasligi evaziga ulardan turli miqdordagi pulni tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib kelayotganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri