Beruniy xazinalarni yerga kömib qöyişni nega keskin tanqid qilgan?
Buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy bundan ming yil muqaddam xazinalarni yerga kömib harakatsiz saqlaşni bozor taraqqiyotini böğuvçi omil deb baholab, oltin va kumuşning asl mohiyati uzluksiz muomalada ekanini ilmiy jihatdan asoslab bergan.
Qadimgi va örta asrlar tarixida moddiy boylikni xavf-xatarlardan asraş maqsadida yer ostiga yaşiriş yoki sandiqlarda harakatsiz saqlaş köp uçraydigan odat bölgan. Hukmdorlar hamda yirik savdogarlar jamğargan mablağlarini daxlsiz xazina sifatida asraşni afzal bilişgan. Biroq bunday yondaşuv şaharlararo savdo aylanmasini sekinlaştirib, bozordagi tölov vositalarining taqçilligiga olib kelgan. Mazkur jarayonning ijtimoiy-iqtisodiy ildizlarini örgangan şarqşunos olima S.M.Batsiyeva öz tadqiqotlarida Abu Rayhon Beruniyning bu boradagi nazariy qaraşlariga alohida eʼtibor qaratadi. Olimaning tahlillariga köra, Beruniy pulni şunçaki hisob-kitob vositasi emas, balki insonlar mehnatini muvofiqlaştiruvçi murakkab ijtimoiy ölçov sifatida baholagan.
Beruniy özining “Geodeziya” asarida insoniyat jamiyatining şakllaniş omillari xususida mulohaza yuritar ekan, kişilarni birlaştirgan boş kuç aql-idrok va hamkorlik ekanini qayd etadi. Mutafakkir fikriça, insonlar taşqi xavflarni birgalikda qaytariş hamda foydali mehnatni özaro taqsimlaş ehtiyoji tufayli jamiyatga uyuşganlar. Mehnat taqsimoti öz navbatida kasb-hunarlarning xilma-xil tarmoqlarga bölinişiga va mahsulot ayirboşlaşning kengayişiga yöl oçdi. Biroq jamiyat rivojlangan sari yangi iqtisodiy çigallik köndalang böldi: bir kosib yoki dehqonning sarflagan mehnati ikkinçisiniki bilan töğridan-töğri qiyoslab bölmaydigan darajada farqlanar edi.
Bundan taşqari, tovar ayirboşlaş jarayonida ehtiyojlarning turli vaqtlarda yuzaga kelişi jiddiy tösiq bölib turardi. Masalan, bir hunarmand öz mahsulotini donga almaştirmoqçi bölganida, dehqonda ayni öşa paytda mazkur buyumga nisbatan zarurat bölmasligi mumkin edi. S.M.Batsiyeva Beruniyning aynan şu muammoga bergan yeçimini yuqori baholaydi. Alloma taʼkidlaganidek, insonlar mayda bölaklarga ajratilganda sifatini yöqotmaydigan, birlaştirilganda esa bekamu köst jamlanadigan, eng muhimi, turli mehnat mahsullari örtasidagi nisbatlarni adolatli belgilaydigan vositaga muhtojlik sezdilar. Çorva mollari yoki mato singari buyumlar bölinganda öz asl qimmatini yöqotgani sababli, jamiyat aʼzolari kam uçraydigan, uzoq saqlanadigan va çidamli bölgan eruvçan metallarni umumiy narx mezoni qilib oldilar.
Alloma özining “Mineralogiya” asarida uşbu qaraşlarni yanada rivojlantirib, oltin va kumuşning nima sababdan yagona baholaş vositasiga aylanganini şarhlaydi. Inson ehtiyojlarining ortib borişi odamlarni doimiy va barqaror ölçov topişga undadi. Körinişi çiroyli, tabiatda kam topiladigan, zanglamaydigan va asrlar davomida çirimaydigan qimmatbaho maʼdanlar bozordagi barça mahsulotlarning umumiy bahosiga aylandi. Oltin va kumuş şu tariqa oddiy topilma böliş doirasidan çiqib, muomalani taʼminlovçi qudratli vosita sifatida tan olindi. Biroq bu boylikning ijtimoiy ahamiyati uning qanday qöllanişiga bevosita boğliq edi.
Beruniy öz davrida boylikni muomaladan çiqarib, uni harakatsiz yaşirib qöyiş odatini ilmiy asosda keskin tanqid ostiga oladi. Maʼdan konlaridan maşaqqat bilan qazib olingan oltin va kumuşni sandiqlarga solib kömib qöyiş, allomaning fikriça, tabiiy taraqqiyot qonuniyatlarini buziş bilan barobardir. Yer ostidan olingan boylik yana tuproq ostiga qaytişi emas, balki tirik va faol xöjalik muomalasida işlatilişi zarur. Agar mablağlar muomaladan uzib qöyilsa, ular tölov va baholaş xususiyatini yöqotib, yana foydasiz toş holatiga qaytadi.
Uşbu haqiqatni kengroq yoritiş maqsadida Beruniy öta aniq hayotiy qiyosni keltiradi. Yerga kömilgan qimmatbaho metallar daladan yiğib olingan ğallaga yoki söyilgan çorva mahsulotiga öxşaydi. Örib olingan don saqlanib, çiritilmasdan, ehtiyojga sarflanişi va ozuqaga aylanişi şart bölganidek, qazib olingan oltin va kumuş ham harakatsiz yotmasligi lozim. Uning boş vazifasi – zarbxonalarda oltin dinor va kumuş dirham körinişida muhrlanib, bozorlarda qölma-qöl aylanişi, savdo hisob-kitoblarini taʼminlaşi hamda bitimlar böyiça tölovlarni amalga oşirişidir. Sarmoya töxtovsiz aylanmas ekan, jamiyatning iqtisodiy barqarorligiga jiddiy putur yetadi.
Qiymat va pul töğrisidagi bunday qaraşlar qadimgi dunyo va örta asrlar Ğarb falsafasidagi tuşunçalardan sezilarli darajada ilgarilab ketgan edi. Qadimgi Yunon mutafakkiri Aristotel pulni muomalani osonlaştiriş maqsadida kelişilgan şartli belgi deb bilgan bölsa, keyinçalik Yevropa sxolastikasi namoyandasi Nikolay Orezm ham pulga hukmdorning irodasi bilan belgilanadigan sunʼiy boylik sifatida qaradi. Şarqşunos olima S.M.Batsiyeva taʼkidlaganidek, Beruniy pulni hokimlarning buyruği bilan yuritiladigan taşqi tamğa emas, balki insonlarning jamiyat uçun sarflagan foydali mehnati mujassam bölgan haqiqiy qiymat mezoni darajasiga kötardi. Oltin va kumuş özidagi noyoblik hamda unga sarflangan maşaqqatli mehnat tufayli barça neʼmatlarning bahosini ölçaş qudratiga ega bölgan.
Xorazmda ilgari surilgan uşbu ilmiy tamoyillar keyingi asrlarda yaşagan olimlar tadqiqotlari uçun işonçli asos vazifasini ötadi. Marv şahrida ilmiy izlanişlar olib borgan tabiatşunos olim al-Xoziniy Beruniyning tabiiy va iqtisodiy qaraşlarini sinçiklab örganib, özining ilmiy hisob-kitoblarida “Mineralogiya” asariga qayta-qayta murojaat qilgan. Şuningdek, mutafakkirning “Geodeziya” kitobida bayon etilgan mehnat taqsimoti va jamiyat birligiga oid xulosalari keyingi davr ilmiy doiralarida keng eʼtirof etilgan. Bu holat Markaziy Osiyo zaminida iqtisodiy fikr şunçaki tasodifiy qaraşlardan iborat bölmay, mustahkam nazariy tizim holida rivojlanganini körsatadi.
Abu Rayhon Beruniyning tangalar muomalasi, narxning şakllanişi va sarmoyaning harakati haqidagi qaraşlari savdo munosabatlarining asl qonuniyatlarini oçib bergan. Mutafakkir boylikni yerga kömiş holatini qoralab, jamiyat taraqqiyoti mablağlarning töxtovsiz aylanişi va mehnat mahsulining adolatli baholanişi bilan uzviy boğliq ekanini isbotladi. Ming yil avvalgi qölyozmalarda bitilgan bu teran xulosalar ajdodlarimizning ijtimoiy taraqqiyot va bozor mezonlari mohiyatini naqadar teran anglaganini namoyon etuvçi qimmatli meros hisoblanadi.
Alişer Egamberdiyev tayyorladi, ÖzA