Bemorlar holidan xabar olish – ezgu ish
Shifoxonada dardiga malham istab davolanayotgan bemor eng avvalo, yaqin insonlarini ko‘rishni istaydi, ularni kutadi. Chunki xasta inson, dori-darmondan ko‘ra shirin so‘z va taskin-tasallidan dardiga ko‘proq malham oladi.
Bemorning holidan xabar olish – ezgu ish. Bu nafaqat xasta inson, balki xabar olguvchining qalbiga ham yorug‘lik baxsh etadi.
Joriy yilning 14 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Respublika gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib, u yerda bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish asnosida, ana shunday dard bilan og‘rigan bemorlar bilan muloqotda bo‘ldi. Ushbu tashrif davomida yurtboshimiz soha xodimlari va barcha mutasaddi rahbarlarga muhim topshiriq va ko‘rsatmalar bergan edi.

Ana shu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shahar hokimlari, sektorlar va sog‘liqni saqlash tizim rahbarlari ham hududdagi va viloyat markazidagi shifoxonalarda bo‘lib, bemorlar holidan xabar oldi, ular bilan muloqotda bo‘lib, sovg‘a-salomlar ulashdi.
Jumladan, Yangiyer shahar hokimi Ilyor Xo‘jayev shahar markaziy shifoxonasida davolanayotgan bemorlar holidan xabar olib, u yerda bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, bemorlar va shifokorlar bilan suhbatlashib, dori-darmonlar va boshqa tibbiy jihozlarning zaxira qilinganligi va saqlanish holatini ko‘zdan kechirdi.
Guliston tumani hokimi Shavkat Gafurov, Sardoba tumani hokimi Abduazim Xidirov ham tuman sektor rahbarlari bilan birgalikda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyat filialidagi gulistonlik bemorlar holidan xabar oldi.
Mirzaobod tumani hokimi Jonibek Yariyev va ushbu tuman sektorlari rahbarlari esa hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar hamda bemori bor oilalar holidan xabar olib, ularga yordam berdi.
Xayrli ishlar davom etmoqda.
A.Qayumov, F.Toshmatov, O‘zA