Belarusda "Yangi O‘zbekiston" nomli fotoko‘rgazma ochildi
Belarus Respublikasida o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida “Yangi O‘zbekiston” nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatning zamonaviy qiyofasi, tarixiy va madaniy merosi, betakror me’moriy obidalari, go‘zal tabiati, milliy qadriyatlari hamda xalqning bugungi hayotini aks ettiruvchi 100 ga yaqin fotolavhalar namoyish etildi.

Ekspozitsiyadan o‘rin olgan suratlar orqali tashrif buyuruvchilar Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li, qadimiy va zamonaviy qiyofasi, sayyohlik salohiyati hamda boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Fotoko‘rgazma Belarus jamoatchiligi, madaniyat va san’at namoyandalari hamda o‘zbek san’ati ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif buyuruvchilar suratlarda aks etgan tarixiy obidalar, zamonaviy bunyodkorlik ishlari va milliy an’analarni yuksak baholab, O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti haqida yorqin taassurotlarga ega bo‘ldi.
Mazkur fotoko‘rgazma ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, O‘zbekistonning boy madaniy merosi va zamonaviy taraqqiyotini xalqaro jamoatchilikka keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
G.Boboyeva, O‘zA