Belarus matbuoti O‘zbekiston haqida
O‘zbekiston Belarus bilan birja savdosi bo‘yicha yetakchi besh davlat qatoriga kirdi, deb yozdi “BelTA” axborot agentligi mamlakat Universal tovar birjasi matbuot xizmatiga tayanib.
2026 yil birinchi yarmi natijasiga ko‘ra, respublikamiz kompaniyalari mazkur tuzilma birjasidagi bitimlar qiymati bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Muayyan davrda o‘zbekistonlik tadbirkorlar umumiy savdo aylanmasi 66 million dollardan oshdi. Bu miqdor 2025 yil yanvar-iyun oylariga nisbatan 21 foiz ko‘p.

Belarusning yetakchi birjasida ro‘yxatdan o‘tgan rezidentlarimiz soni ham oshgani qayd etilgan: o‘tgan yil iyul oyidagi 201 nafardan joriy yil iyul oyida 281 nafargacha. Ushbu ma’lumot Minskda bo‘lib o‘tayotgan, birja vakillari ham ishtirok etgan Belarus va O‘zbekiston mintaqalarining 3-forumi munosabati bilan e’lon qilindi.
BUTB matbuot kotibi Roman Yaniv so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek biznesi bu yil Belarus tovar bozoriga faol qiziqish bildirib, birja savdosidan asosan xarid vositasi sifatida foydalanmoqda.

– O‘zbekistonliklar bilan tuzilgan bitimlarning aksari mahsulotlarimiz importi bilan bog‘liq, – dedi u. – Yog‘ochga an’anaviy ravishda talab kuchli –yil davomida hamkor davlatga yetkazib berilgan jami tovarning 69 foizi. Bundan tashqari qishloq xo‘jaligi savdosi ham jadal o‘syapti. Savdo o‘tgan yil birinchi yarmiga nisbatan quruq sut bo‘yicha 1,5 barobar oshib 17,1 million dollarga, sariyog‘ esa 15 karra ko‘payib, 1,2 million dollarga yetdi. Istiqbolda birja orqali olib kiriladigan O‘zbekiston tovarlari ro‘yxatini kengaytirish salohiyati yuqori. Ayni yo‘nalishda muhim qadam iyun oyida qo‘yildi: yirik soda ishlab chiqaruvchi sherigimiz mahsulotini ilk bor bizning birjada sotdi va 1,3 million dollarlik shartnoma imzoladi. Qolaversa, to‘qimachilik kompaniyalarimiz ikki yildan buyon muntazam ravishda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan paxta va boshqa turdagi iplar xarid qilyapti.
Yana bir yo‘nalish birja savdosini rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakat doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishga tegishli. Bu jarayon Belarusdan go‘sht mahsulotlari va qo‘shimcha ozuqa, O‘zbekistondan oziq-ovqat xom ashyosi va ayrim qo‘shimcha moddalarni o‘z ichiga oladi.
2004-yil tashkil etilgan Belarus universal tovar birjasi ilk savdosini 2005-yil iyunda tashkil etgan. Mazkur Sharqiy Yevropadagi eng yirik tovar birjalaridan birining asosiy vazifasi mahalliy korxonalarga o‘z mahsulotini eksport qilish, xorijiy kompaniyalarga esa Belarus bozoriga kirishga ko‘maklashish. Muassasa keng turdagi metall, o‘rmon xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, sanoat va iste’mol tovarlarini sotadi.
S.Rahimov, O‘zA