Bekinmachoq o‘yini naf bermadi: MIB xodimlari xontaxta ortiga yashiringan alimentchini topdi
Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi qidiruv sho‘’basi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda 40 million so‘mdan ortiq aliment qarzdorligi bo‘lgan shaxs o‘z xonadonidagi xontaxta ortiga yashiringan joyida topildi.
Piskent tumanida yashovchi fuqaro oilaviy kelishmovchiliklar sabab turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgach, ikki nafar farzandining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab kelgan. Fuqaroning murojaatiga asosan sud tomonidan undiruvchi ayol foydasiga har oyda aliment undirish bo‘yicha ijro hujjati chiqarilgan.
Sud qarori Byuroning Piskent tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va tegishli ijro harakatlari boshlangan. Biroq qarzdor ota majburiyatlarini bajarishdan qochib yurishi oqibatida aliment qarzdorligi 40 million so‘mdan oshib ketgan.
Shu sababli davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga nisbatan rasman qidiruv e’lon qilingan. Byuro inspektorlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirdi.
Olingan ma’lumotlar asosida Byuro xodimlari qarzdorning yashash xonadoniga borishganida, oila a’zolari u anchadan beri uyga kelmaganini bildirishgan. Biroq xonadon puxta ko‘zdan kechirilganda, qarzdor ota xontaxta orqasiga yashirinib olgani aniqlandi.
Qidiruvda bo‘lgan shaxs belgilangan tartibda davlat ijrochisiga topshirilib, unga nisbatan tegishli qonuniy choralar ko‘rilmoqda.
O‘zA