Bebaho xazinadan bahramand bo‘lib
O‘zbekiston davlat san’at muzeyida 18 may – Xalqaro muzeylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari –turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, vazirlik huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori Shahriyor Nurulloyev va boshqalar boy madaniy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, ularning tarixiy ahamiyati hamda mazmun-mohiyatini xalqimiz, yoshlar va mamlakatimizga tashrif buyurayotgan mehmonlarga yetkazish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladilar. Zero, muzeylar mamlakatimiz turistik salohiyatini kengroq namoyish etishda, sayyohlikni yanada ravnaq toptirishda katta ahamiyatga ega.
Shu bois mamlakatimizda muzeylar faoliyatini zamon bilan hamohang tarzda yo‘lga qo‘yish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, soha mutaxassislarining mashaqqatli mehnatini qo‘llab-quvvatlash masalasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Bir qator muzeylar faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda. Ularning tashqi ko‘rinishi, ekspozitsiyasini qayta barpo etishda jahonning eng yetakchi ilmiy-ma’rifiy tashkilotlari, nomdor ekspertlar, muzeyshunoslar, olimlar, me’morchilik sohasi vakillari jalb etilmoqda.
Mamlakatimizda tashkil etilayotgan yangi muzeylar esa tariximizning o‘qilmagan sahifalariga teranroq nazar solish, ma’naviy jasorat ko‘rsatgan hamyurtlarimiz, fidoyi ijodkorlar faoliyatini chuqur o‘rganish va targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugun sana bahonasida soha vakillari galdagi dolzarb vazifalar, bajarilishi kerak bo‘lgan amaliy chora-tadbirlarni muhokama etmoqdalar. Yurtimiz mehmonlari, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar esa muzeylar faoliyatidan bahramand bo‘lmoqda. Qiziqarli ko‘rgazmalar, o‘quv seminarlari, anjumanlar, san’at yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat darslari, ekskursiyalar ushbu sanaga o‘zgacha ruh bag‘ishlamoqda.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston davlat san’at muzeyining bebaho ekspozitsiyasidan bahramand bo‘ldilar.
Nazokat USMONOVA,
O‘zA muxbiri