Bayroq estafetasi Andijonda
Har bir xalqning o‘z ramzi bor, u esa millatning tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini aks ettiradi.
Shu jihatdan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i mustaqillik, ozodlik va yagona Vatan ramzidir. Ana shu muqaddas timsolni ulug‘lash maqsadida yurtimiz bo‘ylab “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida bayroq estafetasi o‘tkazilmoqda.
Estafeta Xonobod shahridan start olib, Andijon viloyatining turli hududlaridan o‘tib, Bobur shahri markaziga yetib keldi. Tadbir davomida bayroqni kutib olish marosimlari barcha tumanlarda yuqori ruh va bayramona shukuh bilan o‘tkazildi. Xonobodda start marosimi sportchilar, olimlar va san’atkorlarning chiqishlari bilan boshlandi, shahar va tuman markazlarida esa milliy kiyimdagi yoshlar raqslari, harbiylar chiqishlari hamda madaniy tadbirlar tashkil etildi.
Estafeta Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq, Xo‘jaobod, Andijon shahar va tumanlari, Paxtaobod, Izboskan, Baliqchi, Shahrixon hamda Asaka tumanlari orqali o‘tib, so‘nggi manzil – Farg‘ona viloyati chegara nuqtasiga yetkazildi. Har bir hududda bayroq jamoa ruhida kutib olindi, tadbirlar davomida yurtga, milliy ramzga va mustaqillikka bo‘lgan hurmat va sadoqat namoyon bo‘ldi.
[gallery-26170]
Bayroq estafetasi nafaqat ramziy tadbir, balki xalqning birligi, milliy g‘urur va cheksiz sadoqatining ifodasidir. Davlat bayrog‘i ozodlik, g‘urur va yagona Vatan timsolidir. Ushbu tadbir OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritilib, aholida milliy ruh va birlik kayfiyatini mustahkamladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari