Bayrog‘imiz sharafiga tadbirlar o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 34 yilligi munosabati bilan Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan “Bir el, bir Vatan, bir bayroq” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirni boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Hamidilla Masaitov ochib, yig‘ilganlarni qutlug‘ sana – Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun bilan tabrikladi. U nutqida bayrog‘imizning milliy iftixor va mustaqillik ramzi sifatida tutgan o‘rni, uning har bir yurtdoshimiz qalbidagi ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilishda Respublika ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi, Andijon davlat texnika instituti katta o‘qituvchisi Muhtaram Xoliqova hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi mutaxassisi Marg‘uba Xotamova ishtirok etdi. Ular Davlat bayrog‘ining yaratilish tarixi, ramziy ma’nosi va bugungi kundagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirdi.
Ta’kidlanishicha, Davlat bayrog‘imiz xalqimizning asriy orzu-umidlari, mehnatsevarligi, mehmondo‘stligi va ezgu maqsadlarini o‘zida mujassam etgan muqaddas timsoldir. Bugungi kunda u mamlakatimizdagi barcha davlat idoralari, ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar va sport musobaqalarida iftixor bilan hilpirab, yurtimiz sharafini, xalqimiz g‘ururini ifoda etib kelmoqda.
[gallery-26236]
Tadbir davomida Andijon shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari bayrog‘imiz va Vatan madhiga bag‘ishlangan she’rlar ijro etdi. Yoshlarning chiqishlari ishtirokchilarda yuksak ruh va faxr tuyg‘ularini uyg‘otdi. Shuningdek, bayrog‘imiz tarixi haqidagi videolavha ham namoyish etildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari