Bayramoldi yarmarkalari manzur bo‘lmoqda
Poytaxtimizdagi "Mirobod dehqon bozori". Bozorga kiraverishda ramziy ma’noda qo‘yilgan “Qo‘qon arava” va uning atrofiga joylashtirilgan qovun-tarvuzlarni ko‘rib, o‘zingizni ertaklardagi bozorga tushib qolgandek his qilasiz.
Poytaxtimizdagi "Mirobod dehqon bozori". Bozorga kiraverishda ramziy ma’noda qo‘yilgan “Qo‘qon arava” va uning atrofiga joylashtirilgan qovun-tarvuzlarni ko‘rib, o‘zingizni ertaklardagi bozorga tushib qolgandek his qilasiz. Mavjud 700 rastaning barchasi eng sara qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘la. Bir tomonda yozning shirin mevalari, ikkinchi tarafda sabzavot, poliz ekinlari, kartoshka, piyoz.Aholini sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, bozordagi narxlar barqarorligini bir me’yorda saqlash maqsadida tashkil etilgan bayram yarmarkasi barchaga manzur bo‘lmoqda. Kartoshka uch ming, piyoz ikki ming so‘mdan sotilmoqda, go‘shtning bir necha turi taklif qilinmoqda.
Farg‘ona viloyati bozorlar uyushmasi raisi o‘rinbosari Ilhomjon Toshboyevning ma’lum qilishicha, "Mirobod dehqon bozori"dagi yarmarkaga viloyat fermerlari biriktirilgan, ularga sotilgan har bir kilogramm go‘sht uchun 30 kilogramm arzonlashtirilgan omixta yem yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa mahsulot tannarxi arzon bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Mahsulotlar veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasi tekshiruvidan o‘tkazilgandan so‘ng savdoga chiqarilmoqda. Bozor hududida jamoat tartibini saqlash, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, tozalikni saqlash borasidagi yumushlarni yanada jonlantirish uchun jamoatchilik nazoratchilari ishlab turibdi. Tumandagi mahalla oqsoqollari jadval asosida kundalik narx-navo va ozodalikni nazorat qilib, xaridor va sotuvchi munosabatini kuzatib bormoqda.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi barcha yirik shahar va tuman markazlarida ham keng turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlarining bayramoldi yarmarkalari davom etmoqda.