Bayram dasturxoniga atalgan ne’matlar
Bozor – yurt obodligi, el ma’murchiligi belgisi. Yurtimiz bozorlarida sarxil meva va poliz mahsulotlarining mo‘l-ko‘lligi ko‘zni quvontiradi.
Yil oxirlab, Yangi yil nafasi sezilmoqda. Bayramni nishonlash uchun ko‘chalar, uylar bezatilmoqda. Yana ko‘pchilik dasturxon noz-ne’matlarini ham jamg‘arishga kirishgan...Bozor – yurt obodligi, el ma’murchiligi belgisi. Yurtimiz bozorlarida sarxil meva va poliz mahsulotlarining mo‘l-ko‘lligi ko‘zni quvontiradi.
Yangi yil bayrami arafasida aholi dasturxoni to‘kin-sochinligini ta’minlash, narx barqarorligini saqlash maqsadida viloyat markazlari va Toshkent shahri bozorlarida bayram yarmarkalarini tashkil etish an’anaga aylangan. Unga ta’minotchi korxonalar, agrofirma va fermer xo‘jaliklari, parrandachilik fabrikalari biriktirilgan. Har bir savdo nuqtasida to‘lov terminali o‘rnatish, mahsulotni sifatli va arzon narxda yetkazib berish hamda yuksak savdo madaniyati asosida sotish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.
Toshkentning eng yirik bozorlaridan biri – “Eski jo‘va dehqon bozori”da Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari fermerlari yetishtirgan go‘sht, tuxum, kartoshka, piyoz, olma, anor, uzum, guruch, salqin ichimliklar, qandolat mahsulotlari savdo-yarmarkasi tashkil qilingan. Xaridorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida yarmarkalar turg‘un savdo rastalarida tashkil etilib, bayramona bezatildi.
"O‘zbekoziqovqatxolding", “O‘zvinosanoat-xolding” kompaniyalari, «Parrandasanoat» uyushmasi tizimidagi tashkilotlar yog‘, qandolat, konserva, sut, go‘sht va tuxum mahsulotlari, turli ichimliklarni arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib bermoqda. Bozorga kiritilayotgan barcha turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari xodimlari tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilgach, sotishga ruxsat beriladi.
– Bayram dasturxoni uchun go‘sht va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, meva va shirinliklar, turli salqin ichimliklarni ushbu yarmarkadan xarid qilmoqdamiz, – deydi Xurshid Muhiddinov. – Asosiysi, sifati yaxshi, narxi arzon, naqd pulsiz hisob-kitob yo‘lga qo‘yilgan. Bunday qulayliklar yaratilgani uchun minnatdormiz.
Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari 2017-yilning 5-yanvarigacha davom etadi.