Baydarka va kanoechilar O‘zbekiston kubogi uchun bahslashmoqda
Toshkent dengizida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha 14 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqalari boshlandi.
Unda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Andijon, Farg‘ona, Namangan, Sirdaryo, Navoiy, Xorazm va Toshkent viloyatlaridan kelgan yosh sportchilar ishtirok etmoqda.
Kunduzgi dastur doirasida K-1 qayiqlarida 1000 metr masofaga o‘tkazilgan bahslarda o‘g‘il bolalar o‘rtasida Samarqand vakillari Mironshoh Axrorov va Davlatjon Foziljonov birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egalladi. Toshkent shahri sportchisi Husayn Gyunesh-Duygu bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Qizlar o‘rtasida ushbu yo‘nalishda Farg‘ona viloyati vakili Shahzoda Muyidinova oltin medalni qo‘lga kiritdi. Navoiylik Shahzoda Ashrafova ikkinchi, Nurgul Bekmurodova uchinchi o‘rinni egalladi.
C-1 qayiqlarida 1000 metr masofada o‘tgan bellashuvlarda Farg‘ona viloyati sportchisi Muhammadrizo Jahongirov marra chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tdi. Toshkent viloyati vakili Diyorbek Ro‘ziboyev kumush, Samarqand sportchisi Amir Tohirov bronza medal bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA