Baydarka va kanoe: O‘zbekiston SHHT Kubogini oltin bilan boshladi
Sportchilarimiz musobaqaning birinchi kunida 1 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlatlari ochiq kubogining birinchi kuni O‘zbekiston terma jamoasi vakillari uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida kanoening S-1 yo‘nalishida 1000 metr masofada Behruz Ergashev marraga birinchi bo‘lib yetib kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Muhammadaziz Aripov esa ushbu dasturda ikkinchi natijani qayd etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. S-1, 200 metr masofada hamyurtimiz Muattar Qodirjonova finishga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar bahsida Xonzoda Erkinova S-1, 200 metr masofada kumush medalni egalladi. S-1, 1000 metr masofada ishtirok etgan Muhammadali Mirsmanov kuchli uchlikdan joy olib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Musobaqaning bugungi va ertangi dasturidan ikki va to‘rt kishilik ekipajlar o‘rtasidagi bahslar ham o‘rin olgan. Unda O‘zbekiston vakillari S-2, K-2 hamda K-4 yo‘nalishlarida medallar uchun kurash olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA