Baxshi merosi asrab-avaylanadi (+video)
O‘zbek xalq dostonchiligi, baxshilik an’analari haqida gap ketganda ulug‘ oqin Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li nomi alohida hurmat bilan tilga olinadi. Folklorshunos olim To‘ra Mirzayevning yozishicha, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li 1872 yilda Jizzax viloyati Baxmal tumani (hozirda Bulung‘ur tumani) Loyqa qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbek xalq shoiri, baxshi.
Bulung‘ur dostonchilik maktabining eng yirik va so‘nggi vakili. Yo‘ldosh Mulla Murod o‘g‘lining shogirdi. 20 yoshlarida ustozi Yo‘ldosh shoirdan dostonchilik sirlarini o‘rgangan. Yosh baxshi xalq o‘rtasida ustozi uyushtirgan sinovdan muvaffaqiyatli o‘tib, 25-26 yoshlarida yetuk dostonchi sifatida tanilgan.
Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li Amin shoir, Chini shoir, Tovbuzar shoir, Qurbonbek shoir, Sultonmurod shoir, Yo‘ldosh bulbul, Yo‘ldosh shoir, Qo‘ldosh, Suyar kabi Bulung‘ur dostonchilik maktabining peshqadam dostonchilaridan adabiy an’anani qabul qilib olgan, uni puxta egallab, badihago‘ylik bilan boyitgan va o‘zbek dostonchiligini yangi bosqichga ko‘targan.
– Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li yoshligida otasidan ayrilib, yetim qoladi va onasi bilan ko‘p qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazadi, – deydi Bulung‘ur tumanidagi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li uy-muzeyi rahbari Nodir Rahimov. – Odamlarning chorvasini boqib, tirikchilik qiladi. Lekin yoshligidan dostonchilikka havas qo‘ygan, do‘mbira chertib termalar aytgan. Ana shu iqtidori tufayli Bulung‘ur dostonchilik maktabi vakillaridan biri bo‘lgan Yo‘ldosh Mulla Murod o‘g‘lining nazariga tushadi. Uning ta’lim-tarbiyasini olib, baxshilikni mukammal o‘rganadi. Shu bois Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li nomi bilan elga tanilgan. Fozil bobo 40 dan ortiq xalq dostonlarini yoddan bilgan bo‘lsa-da folklorshunos olimlar, shoir va yozuvchilar u kishidan “Alpomish”, “Avazxon”, “Bahrom va Gulandom”, “Yodgor”, “Kunlarim”, “Murodxon”, “Go‘ro‘g‘li”, “Zulfizar bilan Avaz”, “Balogardon”, “Ochildov”, “Jahongir”, “Zevarxon”, “Layli va Majnun”, “Oshiq G‘arib” kabi 33 ta dostonni yozib olishga erishgan.
Ta’kidlanishicha, “Alpomish” dostonining o‘zbek xalq dostonchilaridan yozib olingan 40 ga yaqin varianti orasida Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li varianti eng mukammali hisoblanadi. Otam – Meliboy Rahimov qishloqning ziyoli kishilaridan bo‘lgani bois Fozil bobodan ko‘p dostonlar, rivoyatlar eshitgan, ayrimlarini qog‘ozga tushirgan. Shuningdek, baxshining hayoti, ijodi bilan bog‘liq ko‘p ma’lumotlarga ega edi. 1955 yilda baxshi olamdan o‘tganidan so‘ng, uning merosini asrab-avaylash, uy-muzeyini tashkil etishga bosh-qosh bo‘ldi. Umrining oxirigacha shu yo‘lda xizmat qildi. O‘tgan asr to‘qsoninchi yillari oxirida, o‘sha paytdagi sovxozimiz idorasi yonida kichik uy-muzey tashkil etilgunga qadar baxshiga tegishli ashyolarni goh masjid, goh maktabda saqlab yurgan. Lekin yillari o‘tishi bilan kirish zali va uchta ichma-ich xonadan iborat bu bino muzey talablariga javob bermay qoldi, ashyolarni saqlash va namoyish etish uchun yetarli imkoniyat yo‘q edi.
[gallery-15064]
Davlatimiz rahbari tashabbusiga ko‘ra, o‘tgan yil Samarqandda baxshi shoir Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li tavalludining 150 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan ulug‘ oqin tug‘ilib o‘sgan Bulung‘ur tumani markazidagi xiyobonda o‘rnatilgan haykali atrofida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Baxshining haykali ortidagi inshoot barelef janridagi ijod namunasi bilan bezatildi. Ayni paytda Fozil Yo‘ldosh nomi bilan ataluvchi mahallada eski muzey o‘rnida zamonaviy uy-muzeyi va xiyobon barpo etildi. Madaniyat uyi hamda bolalar musiqa va san’at maktabi ta’mirlandi.
– Muzey zamonaviy loyiha asosida bunyod etildi va bu yerda baxshi hayoti, adabiy merosi haqida ma’lumot berish, tarixiy ashyolarni namoyish etish uchun qulay shart-sharoit yaratildi – deydi Nodir Rahimov. – Muzeyga kirishingiz bilan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li kuylagan dostonlar asosida ishlangan tang-tasvir ishiga ko‘zingiz tushadi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi Nuriddin Kalonov tomonidan chizilgan bu suratlarda doston qahramonlari va lavhalar, badiiy bezaklar aks etgan. Muzey bir necha bo‘limlarga bo‘lingan bo‘lib, dastlab Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li safdoshlari bo‘lgan Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Islom shoir va Po‘lkan shoir hayoti, ijodi haqida ma’lumot beriladi.
Shu o‘rinda ta’kidlashim kerak, xuddi shu kabi uy-muzeyi bundan ikki yil avval Qo‘shrabot tumani Qo‘rg‘on qishlog‘ida Ergash Jumanbulbul o‘g‘li sharafiga bunyod etilgan edi. Ayni paytda mazkur loyiha asosida Narpay va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida Islom shoir va Po‘lkan shoir uy-muzeylarini tashkil etish harakati boshlangan. Bu albatta, keyingi yillarda yurtimizda baxshilik san’atini rivojlantirishga qaratilgan e’tibor samarasi bo‘lmoqda. Muzeyning asosiy ashyolari Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li hayoti, adabiy merosiga oid noyob eksponatlar, surat va kitoblar, Bulung‘ur tumani tarixi, madaniyati, urf-odat va an’analarimizni o‘zida aks ettirgan buyumlar, qadimiy topilmalar hisoblanadi. Bu ashyolarga muzeyda keng o‘rin berilgan. Ayniqsa, Fozil boboning doimiy hamrohi bo‘lgan, yuzlab dostonlarni kuylagan do‘mbirasi, tuya junidan tikilgan to‘ni, egar va yana boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari muzeyga keladigan har bir kishida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Yillar o‘tgani sayin bu buyumlarning badiiy qimmati ham oshib bormoqda. Shuningdek, muzeyda Bulung‘ur tumani hududidan topilgan qadimiy sopol buyumlar va noyob arxeologik ashyolar, tuman nomini bugun dunyoga tanitayotgan “Chavqi” folklor etnografik ansambli tarixi va buguniga oid ma’lumotlarga keng o‘rin berilgan. O‘z navbatida Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li adabiy merosini o‘rgangan va targ‘ib etgan insonlar, shoir va yozuvchilar haqida ham ma’lumotlar berilgan, ularning asarlari joylashtirilgan. Fozil Yo‘ldosh nomi bilan bog‘liq bu joylar bugun nafaqat bulung‘urliklar, balki o‘zbek xalq dostonchiligi, baxshilik an’analariga qiziquvchilar, yoshlar uchun chinakam ma’rifat maskaniga aylandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MiueGhWeJdA" title="Baxshi merosi asrab avaylanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>G‘.HASANOV, A.ISROILOV (video, surat), O‘zA muxbirlari