Batumidagi sun’iy orol loyihasi
Dengiz hududidan, qariyb, 90 gektar maydon “Ambassador Batumi Island” Batumi oroli kompaniyalariga topshirildi.
Gruziya hukumati Qora dengiz bo‘yida joylashgan Batumi shahridagi sun’iy orol loyihasiga jiddiy ahamiyat bermoqda, deb xabar berdi “Novosti-Gruziya”.
“Alohida ahamiyatga ega ob’ektlarni qurish uchun ruxsatnoma berish tartibi va sharti to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga tegishli o‘zgarish kiritildi.
Funksional va strategik nuqtai nazardan maxsus ob’ektlarga mudofaa va xavfsizlikka, hududiy tuzilishga, madaniy merosga, iqtisodiyotga, atrof-muhitga va tabiiy resurslarga ta’sir ko‘rsatadigan tuzilmalar kiradi. Bunday ob’ektlarni qurish uchun ruxsatnoma alohida tartibda beriladi.
Aftidan, avval rejalashtirilgan g‘oyadan – Batumi qirg‘og‘ida Dubay palma oroliga o‘xshash sun’iy orollar arxipelagi barpo etish fikridan voz kechilmagan.
Sun’iy orollar Batumining chekkasida, temir yo‘l stansiyasidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda jihozlanadi. Jami sarmoya 100 million dollarni tashkil qiladi.
Loyihaga ko‘ra, orollarda yuzga yaqin villa va 500 xonali mehmonxona joylashadi. Shuningdek, savdo markazlari, akvapark, yaxtalar klubi, ta’lim muassasalari va qirg‘oq quriladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA