Bashar, sizni sevish uchun tug‘ildim!
«Dunyoning barcha tashvishlari shoir yuragidan o‘tadi»... «Ijodkor g‘amli damda ham, shodlik damlarida ham faqat haq gapni aytishi lozim»... «Hamma odam Suqrotday donishmand, Betxovenday daho bo‘la olmaydi, lekin har bir odam vijdonli va mehnatsevar bo‘lishga intilishi kerak»... «Shukurki, men hayot haqida hech qachon yomon so‘z aytmadim, unga arzimas narsaday qaramadim, odamlar qadr-qimmatini kamsitmadim, ko‘nglini cho‘ktiradigan so‘zlarni aytishdan tilimni tiydim»... «Bashar, sizni sevish uchun tug‘ildim!..» Bu purhikmat so‘zlar mashhur bolqor shoiri Qaysin Quliyev insoniyatga meros qoldirgan naqllardan namunalar.
Shoir o‘zi yozgan purhikmat so‘zlarga umr bo‘yi qat’iy amal qildi va she’riyat muxlislari, dunyo xalqlari hurmatini qozondi. Uning dilbar she’rlari jahonning 146 tiliga tarjima qilindi, «Kabardin-Bolqoriston xalq shoiri» Faxriy unvoni, Davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Hindiston Bosh vaziri Indira Gandi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kabi davlat arboblari nufuzli anjumanlarda so‘zlagan nutqlarida Qaysin Quliyev she’rlaridan iqtibos keltirdi.
Sevimli shoiramiz Zulfiya ta’riflaganlaridek: «Uning eng katta shuhrati – xalqning, she’riyat muxlislarining chinakam muhabbatini qozonganligida. Uni hamma yerda tanishadi, u hamma yerda o‘zini ko‘pdan tanish tug‘ilgan diyorda yurgandek his qiladi».
Olamni hayrat solgan Qaysin Quliyev 1917 yil 1 noyabr kuni Rossiyaning Kabardin-Bolqoriston Respublikasidagi qadimiy bolqor ovuli Yuqori Chegemda oddiy chorvador-ovchi oilasida tug‘ildi. Ikki yoshida otadan yetim qoldi.
Opasi va uni tarbiyalashda qiynalayotgan onasiga yordam berish uchun bolaligidan tog‘lik dehqonlar bajaradigan barcha yumushlarni bajardi. Maktabni tugatgach, Nalchik pedagogika texnikumida o‘qishini davom ettirdi. 1935 yili Moskvadagi teatr instituti(GITIS)ga o‘qishga kirdi. Shu davrda Adabiyot institutining kechki bo‘limida ham o‘qidi.
U rus tilini yaxshi bilgani uchun Lermontov, Yesenin, Lorka va boshqa shoirlarning she’rlarini sevib mutolaa qildi. Bunday mutolaalari haqida u shunday degandi: «Jahon she’riyati menga shunday madaniyatni berdiki, ularsiz shoir bo‘lish mumkin emas».
Shoir tarjimai holida shunday so‘zlar bor: «Men she’r yozishni erta – o‘n yoshlarimda boshladim. O‘n yetti yoshimda mashqlarimni gazetada nashr etishdi. Endi bundan afsuslanaman. Erta nashr ettirish zararli ekan(endiku bilaman, mashqlarning erta e’lon qilinishi foyda keltirmaydi, aksincha fe’l-atvorni buzadi)”. U 1938 yilda Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilindi.
1939 yilda Nalchik shahrida bo‘lgan anjumanda «Bolqor adabiyotini rivojlantirish asoslari» mavzusida ilmiy nutq so‘zladi. 1940 yilda uning ilk «Salom, ertanlik» kitobi bolqor tilida chop etildi.
Muhimi, o‘sha yili bolqor mumtoz adabiyoti asoschisi Kozim Mechiyev bilan uchrashdi, ijodi bilan yaqindan tanishdi(uning ijodi chop etilmagandi, faqat qo‘lyozmalarda mavjud edi). Ustoz shoir bilan muloqot yosh Qaysinning she’riyatga, adabiyotga munosabatini tubdan yangiladi.
U harbiy xizmatni parashyutchilar qismida o‘tadi. Bu harbiy qism 1941 yil may oyida Latviyaning Daugavpils (Dvinsk) shahriga safarbar etildi. Qaysin Quliyev ham shu joyda 22 iyun kuni urush bilan yuzma-yuz bo‘ldi, fashistlarning vahshiyliklarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi. Keyin safdoshlari bilan xavfli harbiy topshiriqlarni bajardi.
Janglarda qancha safdoshlari halok bo‘ldi. Siyraklashib qolgan parashyutchilarni yangi askarlar bilan to‘ldirish uchun Ivanovo viloyatiga jo‘natishdi. Qaysin Quliyev kitob mutolaa qilishga va she’r yozishga imkon topardi.
Ular yangi parashyutlarni sinovdan o‘tkazishdi va parashyut bilan besh yuz – uch yuz metr balandlikdan sakrashni mashq qilishdi. Bu juda xavfli, yerga masofa yaqin. Kimdir parashyutni ochishga sal kechiksa, yomon oqibat kutadi. Biroq, harbiy davr shuni taqozo qilardi.
1941 yilning 1 oktyabr kuni parashyutchilarni jangovar trevogo uyg‘otdi. Ertalab ikki samolyotda Oryol shahriga uchishdi. Bu shaharni gitlerchilar egallab bo‘lgandi. Birinchi samolyotda bo‘lgan Qaysin Quliyev harbiy sumkasidan Lermontov kitobini olib, shoir suratiga qaradi va she’rlarini o‘qidi.
Bu unga biroz taskin berdi. Holbuki, u bir necha soniyadan keyin fashistlarning qiruvchi samolyotlari havodan, yerdan artilleriyasi samolyotni o‘qqa tutishini bilardi. O‘qlar yomg‘iridan o‘tgan samolyotdan sakragan parashyutchilar shaharning shimoliy qismiga eson-omon qo‘nishdi.
Ikkinchi samolyotdan shahar ichkarisiga sakragan parashyutchilarni fashistlar qurshovga olib, bitta qo‘ymay qirib tashlashdi. Oryol shahri himoyasidan boshlangan janglar uzoq vaqt davom etdi. 1942 yili jangda Qaysin Quliyev og‘ir yaralandi va Cheboksar harbiy gospitaliga olib borildi.
Gospitalda davolanayotgan vaqtida radio orqali Qaysin Quliyev hayoti va ijodiga bag‘ishlangan eshittirish berildi, she’rlarining ruscha tarjimalari o‘qildi. Bu eshittirishni Yozuvchilar uyushmasi rahbari Aleksandr Fadeyev ham tinglayotgan edi va ajoyib she’rlardan hayratga tushdi.
U Qaysin Quliyevning Cheboksardagi gospitalida davolanayotganini aniqladi va bosh shifokorga telefon qilib yosh shoirga e’tibor ko‘rsatishini tayinladi. Yozuvchilar uyushmasi nomidan davlat rahbariga tavsifnoma yozib, Qaysin Quliyevni urushga chaqirilmaydigan yozuvchilar ro‘yxatiga kiritishni so‘radi va bunga tasdiqnoma(bron) oldi.
Bir oz sog‘aygan Qaysin Quliyevni Moskvaga chaqirib, uning ishtirokida ijodiy uchrashuvlar tashkil qildi, Moskvada qolib ishlashga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. Bolqorlik shoir Fadeyevga minnatdorlik bildirib, «Mening o‘rnim Vatan uchun qon to‘kayotgan safdoshlarim yonida» deya yana frontga jo‘nab ketishini aytdi.
Iqtidorli shoirning janglarda daydi o‘qqa uchrashidan xavfsiragan Fadeyev uni «Vatan o‘g‘li» gazetasida harbiy muxbir bo‘lib ishlashga ko‘ndirdi. Lekin jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan Qaysin Quliyev front old chizig‘ida o‘zining muxbirlik vazifasini unutib, askarlar bilan hujumga tashlanardi.
Ya’ni, har soniyada o‘limga yuzma-yuz borardi. Bunga birgina misol keltiraman: eni uch yarim kilometrga cho‘zilgan Sivash havzasidan o‘qlar yomg‘iri ostida ko‘kragigacha suv kechib birinchilar qatori o‘tib, dushmanni istehkomidan quvib chiqargan askarlar orasida Qaysin Quliyev ham bor edi. Qrim uchun davom etgan janglardan birida u yana og‘ir yaralandi va Simferopol harbiy gospitaliga yotqizildi.
Yozuvchilar uyushmasi Qaysin Quliyev she’rlarini to‘plab Davlat mukofotiga tavsiya etgandi. Shoirning «Tog‘lik ekanimdan mening ko‘ksim tog‘», «Mening zaminim», «Eng aziz ne’mat» kabi she’rlari nafaqat adabiyot muxlislari tomonidan, balki okoplarda askarlar tomonidan ham sevib o‘qilayotgandi.
Bu mukofot unga 1944 yil aprel oyida berilishi kerak edi... Lekin 1944 yil 8 mart kuni bolqor xalqi asossiz ravishda surgun qilindi va ikki soat ichida 37 mingdan ziyod bolalar, ayollar, nogironlar, erkaklar(ular orasida urushda qahramonona jang qilgan zobit-askarlar ham bo‘lgan) O‘rta Osiyoga majburan ko‘chirildi. Bu vaqtda Qaysin Quliyev davolanayotgan harbiy gospitalga diviziya generali keldi va janglarda ko‘rsatgan qahramonligi uchun unga jangovar orden topshirdi.
Yana Yozuvchilar uyushmasi davlat rahbariga tavsifnoma yozib, Qaysin Quliyevni himoya qildi va uning Moskva, Neva bo‘yidagi shaharlardan boshqa joyda, hatto Chegemda yashashiga ruxsat oldi. Qaysin Quliyev biroz sog‘aygach, Chegemga bordi, o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan ovul bo‘m-bo‘sh ekanini ko‘rdi va ko‘ngli vayron holda Moskvaga keldi, Fadeyevga mehribonlik ko‘rsatgani uchun minnatdorlik bildirdi, xalqi ortidan Qirg‘izistonga ketishga qaror qilganini aytdi.
Fadeyev tavsiyasiga ko‘ra Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasining rus adabiyoti bo‘limida ishlay boshladi. Rus tilida chiqadigan gazeta-jurnallar bilan hamkorlik qildi, maqolalar yozib berdi. Qirg‘iz tilini mustaqil ravishda o‘rgandi. Qirg‘iz adiblarining asarlarini rus tiliga o‘girdi. U tarjima qilgan roman keyinchalik Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani Qaysin Quliyevning rus tilini yaxshi bilganidan dalolatdir.
Qirg‘izistonda yashagan davrida Qaysin Quliyevni adabiyot jonkuyarlari xat yozib, so‘ragan kitoblarini jo‘natib qo‘llab-quvvatlab turishdi. Bunday xayrli ishni taniqli shoir Boris Pasternak muntazam bajarardi.
U xatlarining birida shunday yozgandi: “...Iste’dodli ijodkor haqqoniy va to‘laqonli yozishidan hayot ko‘p narsa yutishini, chuchmal va chala yozmalaridan yutqizishini biladi. Ezgu maqsadi g‘ururini uyg‘otadi va hamisha haqiqatga intiladi.
Bu hayotdagi eng to‘g‘ri yo‘l, unda ko‘ngilsizliklar uchrashi ikkinchi darajali masala». Keyinchalik Qaysin og‘a Pasternakka o‘z minnatdorligini shunday bildirgandi: «Sizning so‘zlaringiz og‘ir damlarda meni tumorday asradi!»
Yozuvchilar o‘rtasida bir qanotli ibora bor: «Qaysin Quliyev bor, yosh iste’dodlar bor...» Bilamizki, Chingiz Aytmatovning otasi ham qatag‘on qurboni bo‘lgandi va uning yozganlarini matbuotda chiqarishi, o‘zi istagan oliy o‘quv yurtida o‘qishi taqiqlangandi(nega u veterinariya ixtisosligi bo‘yicha o‘qiganini tushungandirsiz). Qaysin Quliyev barcha javobgarlikni zimmasiga olib, Chingiz Aytmatovning birinchi hikoyasini jurnalda e’lon qildirdi, bir muddat o‘tgach ikkinchisini... Uning Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lishiga erishdi.
Keyin do‘sti Aleksandr Tvardovskiy bilan hamkorlikda Chingiz Aytmatovning Moskvadagi Oliy adabiyot institutida o‘qishiga, birinchi qissasi «Jamila»ning nufuzli jurnalda chiqishiga va kitob holida nashr qilinishiga yordam berdi. Chingiz Aytmatovning bundan keyingi hayot va ijod yo‘lini ko‘pchilik biladi.
Shu o‘rinda Qaysin og‘aning iqtidorli yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashiga yoqimli misol keltirsam: 1969 yilda Abdulla Oripov boshqa yozuvchi kasal bo‘lib qolgani uchun Moskvada o‘tkazilayotgan yosh yozuvchilar seminariga jo‘natildi.
Guruhlarga ajratilayotganda uning familiyasi chiqmadi. Shunda Qaysin Quliyev ro‘yxatlarda yo‘q bu bolani o‘z guruhimga olaman dedi. Abdulla aka tortinibgina she’rlarining ruscha tarjimasini o‘qiy boshladi. Ustoz uni to‘xtatdi: «Abdulla, she’rlaringni o‘zbekcha o‘qi, tushunamen» (Qaysin og‘a Alisher Navoiysi bor o‘zbek she’riyatini asliyatdan o‘qish uchun o‘zbek tilini mustaqil ravishda o‘rgangandi). Shuni kutib turgan Abdulla aka she’rlarini jo‘shib o‘qidi. Ko‘pni ko‘rgan ustoz Abdulla Oripovdagi yorqin iste’dodni darhol angladi, ruschaga o‘girilgan she’rlarining nufuzli jurnalda chop etilishiga tamal toshini qo‘ydi.
Seminar yig‘ilishlarida: «O‘zbek poeziyasini yangi katta iste’dod bilan tabriklasak bo‘ladi», deya baralla aytdi. Xullas, Moskvaga yosh ijodkor bo‘lib ketgan Abdulla Oripov ustozlar nazariga tushgan shoir bo‘lib yurtimizga qaytdi.
Umuman olganda, Qaysin Quliyev yurtimiz, yurtdoshlarimiz haqida hamisha maqtov so‘zlari aytardi, o‘zbek xalqining yutuqlari bilan faxrlanardi. «O‘zbek she’riyati – jahon ahamiyatiga molik she’riyat. Ulug‘ Alisher Navoiy ijodi fikrimning yorqin isbotidir», – degan edi Qaysin og‘a nufuzli anjumanda. U Toshkentda bo‘ladigan anjumanlarga quvonch bilan kelardi.
Bo‘sh qoldi deguncha, Toshkent ko‘chalarini piyoda aylanib zavqlanardi. Samarqandga borganda hayratini baralla ifoda etgandi: «Samarqandda xalq dahosi yaratgan me’morchilik durdonalarini tomosha qilar ekanman, bir narsadan xijolat bo‘ldim va o‘kindim.
Dunyoda oltmish yilcha yashagan turkiy tilda yozuvchi shoir haligacha Samarqandni ko‘rmagan bo‘lsa kechirish mumkinmi, axir? Yo‘q... Men Tojmahalni, Qizil Frotni ko‘rganman, dunyodagi boshqa arxitektura yodgorliklarini tomosha qilganman. Lekin Samarqanddagi obidalar hammasidan ziyoda».
Xalqimizning ulug‘ shoirlari Oybek, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Zulfiya bolqor shoiri Qaysin Quliyev bilan do‘st tutinishgandi. Ulug‘ shoirlarimiz izdoshi bo‘lgan Shukrullo uning qadrdoni edi.
O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov Qaysin Quliyevni ustozim deya hurmat bilan esga olardi. U ko‘plab shoirlarimizning she’rlarini bolqor tiliga tarjima qilgandi va adiblarimizning Moskvada chiqayotgan kitoblariga mehr bilan so‘zboshi yozib berardi.
To‘qqiz yildan keyin Qaysin Quliyev yana Moskvaga keldi. Bu vaqtda Yozuvchilar uyushmasini taniqli adib, rus ziyolilarining ilg‘or vakillaridan biri bo‘lgan Nikolay Tixonov boshqarardi.
Uning huzuriga kirib, stoli ustiga keyingi yillarda yozgan kitoblari qo‘lyozmasini qo‘ydi. Tixonov darhol nashriyotga qo‘ng‘iroq qildi. Ko‘p o‘tmay qo‘lyozma «Tog‘lar» nomi bilan kitob holida nashr etildi. Unga kirgan bir qancha she’rlarni Tixonovning o‘zi tarjima qilib bergandi.
1956 yilda Qaysin Quliyev Chegemga qaytdi. Uni yurtdoshlari Yozuvchilar uyushmasi kotibligiga va Oliy Kengash deputatligiga sayladi. Qadrdon Chegem vodiysi nafasini tuygan shoirning ilhomi qaynab toshdi.
Uning bolqor va rus tillarida»Non va atirgul»(1957), «Men tog‘lardan keldim»(1959), «Tog‘larda gulxan»(1962), «Yarador tosh»(1964), «Meros»(1965), «Uyingizga tinchlik tilayman»(1966) kabi kitoblari ketma-ket chop etildi. Ayniqsa, 1970 yili Moskvada ikki jildli she’rlar va dostonlar kitoblarining chiqishi unga katta quvonch bag‘ishladi.
1972 yilda «Zamin kitobi», 1973 yilda «Lirika» va «Yulduzlar porlayveradi» kitoblari dunyo yuzini ko‘rdi. Qaysin Quliyevning 1943 yili Davlat mukofotiga tavsiya etilganini eslagandik, bu mukofot 1944 yilda berilishi kerak edi. Oradan o‘ttiz yil o‘tib haqiqat qaror topdi. «Zamin kitobi» uchun 1974 yilda Qaysin Quliyevga Davlat mukofoti berildi. Haqiqat qaror topganidan ruhlangan shoir muxlislarga yangi kitoblarini taqdim etdi: «Daraxt shunday o‘sadi»(1975), uch jildli tanlangan asarlari (1977), «Bug‘doy boshoqlari va yulduzlar»(1979).
Maqolani o‘qiyotganlar bolqorlar soni 37 ming kishidan ziyod ekanligiga, Qaysin Quliyev rus tilini yaxshi bilishi to‘g‘risidagi so‘zlarga nazari tushdi. Biroq, Qaysin og‘a turkiy tillar oilasiga kiruvchi bolqor tili yashab qolishi uchun ona tilida ijod qildi.
Yuqorida Qaysin Quliyev asarlari 146 tilga tarjima qilinganini yozdik. Demak, hozir kunda dunyodagi 146 millat vakillari bolqorlarni biladi, shoir she’rlarini o‘qish orqali bolqor madaniyatini o‘rganishyapti.
Jumladan, uning ona tilimizda «Gul va xanjar»(1968), «Ko‘zlaringni sevaman»(1977), «Meni ardoqlagan ayollarga»(2004), «Hayrat»(2013), «Mening mukofotim»(2017) va “«Qish edi...»(2019) nomli kitoblari chop etilgan.
«Kam sonli xalqlar dunyoga buyuk iste’dodlarni beradi», deya bejiz aytilmagan. Buni bilgan shoir umr bo‘yi kam sonli millatlarning tillarini himoya qildi. O‘tgan asrning oltmishinchi yillari boshida Moskvadagi Fanlar akademiyasi yig‘ilishida mamlakatdagi kam sonli millatlar tillarini iste’moldan chiqarish, yagona tilni rivojlantirish masalasi muhokama etildi.
Bu xabarni eshitgan Qaysin Quliyevday til fidoyisi bir chetda kuzatib turolmasdi. U darhol yig‘ilishga yetib bordi, deputat bo‘lgani uchun so‘z navbati olishga muvaffaq bo‘ldi va ta’sirchan nutq so‘zladi: «Hozir til haqida gapirganlar bilib qo‘ysinlar, Vatan uchun halok bo‘lgan qahramonlar so‘nggi bor ona tilida «Ozodlik!» deya hayqirganlar.
Bu kitobiy gaplar emas, balki botirlarning qoni bilan yozilgan hayot falsafasi, achchiq haqiqatdir. Ayrimlar «Kam sonli millatlarning tillari o‘ladi» deb gapirayotganidan xabardorman. Buni olimlar emas, hayotning o‘zi hal qiladi».
Uning «Tilshunos olimga» she’ridagi «Agar til o‘lsa, halok bo‘lar misli qahramon» misrasi olimlarni ham, siyosatchilarni ham hushyorlikka undadi(lekin u keyingi 12 yil davomida deputatlikka saylanmadi). Qaysin Quliyev esa ona tilini madh etaverdi. «Ona tilim», «Ona tilimga baxshida qo‘shiq» kabi she’rlarini yozdi, «Muhabbatim madhiyasi» dostonida bir bobni ona tiliga bag‘ishladi.
Uni ko‘plab xalqlarning taniqli adiblari e’zozlardi. Avar Rasul Hamzatov, boshqird Mustay Karim, qalmoq David Qug‘ultinov, qirg‘iz Chingiz Aytmatov, rus Robert Rojdestvenskiy (u oltoylik shoir, ta’qibga uchraganda bir muddat Qirg‘izistonda yashagan) va bizning sevimli shoirlarimiz Shukrullo, Abdulla Oripov adabiyotdagi hamfikr safdoshlari, o‘zbekcha aytganda, yozuvchilar anjumanlaridagi davradoshlari edi. Qaysin og‘a davraboshi bo‘lgan bu davra «Oltin avlod davrasi» nomi bilan adabiyot tarixiga kirdi.
Og‘ir xastalikka chalingan shoir umrining oxirgi 5-6 yilini tamomila ijodga bag‘ishladi. Qator yangi kitoblarini – «Odam. Qush. Daraxt!»(1985), «Odamlar sizga so‘zlayman»(1986), «Yashang»(1986), «Shoir har doim odamlar bilan birga»(1986), yangi uch jildlik tanlangan asarlarini(1987), «Qish edi...»(1987) romanini nashrga tayyorladi(afsuski, bu kitoblarning nashr qilinganini ko‘rish nasib etmadi). Qaysin Quliyev so‘nggi intervyusida «Qish edi...» romanini 35 yil davomida yozganini, oxirgi 4-5 yilda romanni tugatish uchun qattiq ishlaganini ta’kidlagandi.
Ha, muallifning uzoq yillik ijodi samarasini berdi. Tabiat, hayot, vatan, til, millat, xalq, odamiylik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, onalik mehri va farzandlik burchi, do‘stlik va birodarlik, sevgi va sadoqat, ezgulik va yovuzlik, urush va tinchlik, qahatchilik va farovonlik haqidagi bu roman jahon adabiyotining durdona asarlari qatoridan munosib o‘rin egalladi.
U 1985 yil 4 iyun kuni vafot etdi. Vasiyatiga ko‘ra mayiti bir kitobi gonorariga Jilg‘a irmog‘i yuqorisidan sotib olgan uyi hovlisiga ko‘mildi. Dunyoda Qaysin Quliyevni bilgan, asarlarini o‘qigan odam borki, motam tutdi.
Xalq sevgan shoir nomini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli xayrli ishlar boshlandi. Nalchik shahridagi shohko‘chaga uning nomi berilib, maydoniga haykali tiklandi. Oxirgi yillarda yashagan va hovlisidan mangu joy olgan xonadonga Qaysin Quliyev uy muzeyi maqomi berildi, qator ko‘cha, maktab va kutubxonalar uning nomi bilan ataldi. Hozirgi kunda Rossiyadan tashqari Qirg‘iziston, Turkiya, Hindiston, Turkmanistonda ham Qaysin Quliyev nomi bilan ataladigan ko‘cha, xiyobon, kutubxona, muzey va bog‘lar bor. Istanbul va Anqara shaharlarida uning nomi bilan ataladigan xiyobonga haykali ham qo‘yilgan. E’tiborlisi, vafot etgandan keyin ham u mukofotlanyapti.
1990 yilda asarlari mamlakatning eng yuksak Davlat mukofotiga munosib ko‘rildi. 2007 yilda Ingushetiya Respublikasining «Xizmatlari uchun» ordeni, 2008 yilda «Armanistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
2015 yilda shoirning muxlislari xayriya pullari va hashar uyushtirish orqali Jilg‘a irmog‘i qirg‘og‘idan Qaysin Quliyev uy muzeyiga olib boradigan yo‘l yoqasiga uzunligi 365 metr, balandligi 185, eni 60 santimetr bo‘lgan tosh devor tiklashdi.
Devorning har-har joyida ishlangan yuzta sharqona tokchalardagi qora marmartoshlarga Qaysin Quliyevning yuzta mashhur she’ri o‘yib yozildi. Hozirgi kunda bu devor «Buyuk bolqor devori» deb ataladi.
Qaysin Quliyev ijodining umrboqiyligi siri nimada? Bu savolga javobni uning yozgan maqolalaridan topamiz: «Ijodkor mehnati samarasi mangu yashashini bilishi kerak. Yo‘qsa, yer yuzida yashashiga hojat qolmaydi. So‘z aytish – buyuk hodisa! So‘z tufayli odam zimiston, betartiblikdan chiqadi.
Axir, u sukut saqlasa ko‘zga tashlanmaydi. So‘z sharofati bilan odam tarixga kiradi, tabiatning, jamiyatning bir qismi ekanini anglaydi». Shoir umr bo‘yi shu haqiqatga amal qildi. Yillar o‘tgan sayin yanada qat’iyroq. Shuning uchun uning asarlari yashayapti. Axir, buyuk shoirlar barcha davrdagi avlodlar uchun zamondoshdir.
Shoirning ijodidan bahramand bo‘lishingiz uchun o‘ttiz yoshida yozgan dasturiy she’rini e’tiboringizga havola qilamiz.
TUG‘ILGAN KUNIMDA YOZILGAN ShE’R
Bashar, sizni sevish uchun tug‘ildim,
Men buni o‘zimga sharaf deb bildim.
Ichgan suvim, yegan nonim sizniki,
Demak, mening tanu jonim sizniki.
Bugun hayotimdan ekanman mamnun,
Bu sizning mehringiz totganim uchun.
Sizning quvonchingiz – mening quvonchim,
Sizning ayanchingiz – mening ayanchim.
G‘am egmas, to jon bor ekan jonimda,
Sizning irodangiz bordir qonimda.
Ko‘p sinovdan o‘tdim. Bunday sinovdan
Zamindagi har bir odam o‘tadi.
O‘tar kimdir qasddan yoqqan olovdan,
Goh quyosh yuzini yorug‘ etadi.
Gohida yuzini yuvadi yomg‘ir,
Gohida yuziga sachrab tegar qon.
Shod chog‘ingizda ham, bo‘lsa ham og‘ir,
Sizning yoningizda turdim yonma-yon.
Goh yiqildim, lekin rostladim qomat,
Hech kimga qilmadim bundan shikoyat.
Mardlar, mardligingiz men uchun ibrat!
Qulog‘imda «Ey do‘st» degan so‘zingiz.
So‘ng qo‘lim siqdingiz, qisib ko‘zingiz,
Qo‘limdan ketmagan o‘sha harorat.
Birga jon saqladik bitta okopda,
Ustimizdan o‘qlar uchdi u tobda.
Shu zamin saqladi bizni qirg‘in payt,
Bizni birlashtirdi bir ezgu niyat.
Okopdan chiqdikda, olg‘a intildik,
Ikkimiz ham bitta o‘qdan yiqildik.
Qonsiz labimizda qotdi bitta so‘z:
Ikkimiz uchun ham sen yasha, ey do‘st.
Ayollar, mehringiz uchun tashakkur!
Holbuki, men sabab yosh to‘kdingiz goh.
Shukurki, qalbimga yoqdingiz shuur,
Siz sabab sochimga tushsa hamki oq.
G‘ala-g‘ovurlardan ezilgan chog‘da,
Sizning yoningizda topganman orom.
Xayol og‘ushida kezgancha bog‘da,
Dardlarimdan xoli bo‘lganman tamom.
Irmoqlar isyoni tinar ummonda,
Ummonday mehringiz etdi xotirjam.
Yayradim siz bilan bo‘lsam mehmonda,
O‘z qo‘lingizda choy tutdingiz har dam.
Siz tufayli qayta boshladim hayot,
Axir, baxsh etdingiz menga zurriyot.
She’riyat – sen mening g‘ururim, orim,
Sen mening faxrimsan, hayotim, borim.
O‘zingsan yagona muqaddas xilqat,
Senga sig‘inmadim, qilyapman xizmat.
Agar hayotimda bilmasdan bir dam,
Sen haqda nojoiz so‘z aytgan bo‘lsam,
Kechirim so‘rayman poyingda nigun:
– Kechir meni, yo‘ldan ozganim uchun.
Bayrog‘ingni o‘pib ichgan qasamyod,
Yodimdan o‘chmas, to ekanman hayot.
Mamlakat tug‘iday bayrog‘ing alvon,
Sen ko‘rgan janglar ham kechgan beomon.
O, mening zaminim, o‘t-maysang zangor,
Gullaring taratar muattar ifor.
Zamin, qoring bosib yursam g‘archillar,
Cho‘llaringda kezsam qumlar qisirlar.
Senda tez oqadi daryo, irmoq, soy,
Senda tez pishadi rizq-ro‘zim – bug‘doy.
Zamin, almashganday kecha va kunduz,
Ishlab, yashash uchun kurashyapmiz biz.
Zamin, seni sevish uchun tug‘ildim,
Xizmating qilishni burchim deb bildim.
Sen uchun kelganman cheksiz samodan,
Qayturman, ketganda foniy dunyodan.
Zamin, sening kuching kuch berar menga,
Sening qudratingdan olaman qudrat.
Bolangman, topinib yashayman senga,
Yuzim senga qo‘ysam olaman rohat.
Bergan ne’matingga aytgancha rahmat,
Yashayman, har damni bilib g‘animat.
To tuprog‘ingdan joy olgunga qadar,
Menga pisand emas g‘am-g‘ussa, kadar.
Asror MO‘MIN,
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi