Barqaror gaz ta’minoti – asosiy maqsad
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyatida aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali xodimlari tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda viloyat bo‘yicha 1,4 km gaz quvurlari mukammal ta’mirlanib, Karmana, Xatirchi tumanlarida ayni qish-qirovli kunlarda gaz bosimi pasayishi yoki uzilib qolishi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi.
[gallery-5667]
Bundan tashqari Qiziltepa, Navbahor va Xatirchi tumanlari hamda Navoiy shahridagi jami 6,9 km gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 686 million 900 ming so‘m mablag‘ sarflanib, natijada joriy yilda viloyat bo‘yicha jami 1800 ta xonadonda tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi.
Hozirda tabiiy gazdan foydalanayotgan aholi xonadonlariga “aqlli” hisoblagichlarning o‘rnatilishi orqali tabiiy gazning iqtisod qilinishi va gazdan noqonuniy foydalanish holatlarining oldi olinmoqda. bugungi kunda viloyatda jami 102 670 ta “aqlli” hisoblagich o‘rnatilib, barchasi haqidagi ma’lumotlar maxsus bazaga kiritildi. Zamonaviy hisobdondan foydalanayotgan iste’molchilarning sarflagan tabiiy gaz hisobi endi avtomatlashtirilgan tizim orqali nazorat qilinmoqda.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA