Barchasi inson qadri uchun
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi tantanalari Qashqadaryo viloyatida ham keng nishonlanmoqda.
Viloyat teatrida tashkil etilgan bayram tadbirida Qashqadaryo viloyat hokimi Murodjon Azimov voha ahlini bayram bilan qutladi.
– “2022 yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirilayotgan ishlarga nazar tashlaganimizda aholi uchun qulayliklar ko‘lamini kengaytirish, mahalla institutining nufuzini oshirish yo‘lida yangi tashabbuslar ilgari surildi, – dedi viloyat rahbari. – Ayniqsa, xalq bilan muloqot qilishda aholi ichiga kengroq kirib borish, odamlarning tashvish va muammolarini joyida hal qilish masalasi hamisha dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Aholining huquqiy madaniyatini oshirish, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha sayyor qabullar o‘tkazilib, tushgan murojaatlarning yechimiga alohida e’tibor qaratilyapti. Shu o‘rinda alohida ta’kidlashni istar edim, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan boshqa samarali vosita yo‘q. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan rahbarlarning pastga tushib ishlash tizimi joriy etilgani natijasida aholini rozi qilish darajasi ortmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali viloyat hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizga kamaygan. Vazirliklar, qo‘mita va agentliklar, sektor rahbarlari tomonidan yanvar-noyabr oylari davomida 2 ming 254 ta ommaviy qabullar o‘tkazildi. Muloqot va uchrashuvlar davomida kelib tushgan murojaatlarning 35 ming 101 tasi qanoatlantirildi. Muhimi aholida murojaat madaniyati shakllandi. Hududlarning infratuzilmasini yaxshilash, yo‘l qurish, suv, elektr energiya va gaz ta’minoti masalalarida, ijtimoiy soha ob’ektlari bunyod etish hamda farzandlarimizning ertangi hayoti uchun xizmat qiladigan tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Ta’kidlandiki, viloyatda iqtisodiyot, investitsiya, tashqi savdo, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, qurilish, ijtimoiy sohalar bo‘yicha yil boshida belgilab olgan ko‘rsatkichlar xursand qiladigan darajada. Xususan, yil yakuni bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot hajmi 4,8 foizga, sanoat ishlab chiqarishi 7,1 foizga, xizmatlar 13 foizga o‘sishi kutilmoqda. Mahsulot va xizmatlar eksporti bo‘yicha davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan reja muddatidan avval (11 oyda) bajarildi.
[gallery-9892]
Xorijiy hamkorlar bilan samarali muloqot tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida Xitoy, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Finlyandiya, Avstriya, Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Belarus, Ozarbayjon, Tojikiston kabi davlatlar bilan muzokaralar olib borildi va turli darajadagi kelishuvlarga erishildi.
Masalan, viloyatda ilk bor 310 milliard so‘mlik quyosh panellari va muqobil energiya orqali suv isitish qurilmalarini ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar boshlandi. Ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suv ta’minoti, uy-joy, ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish bo‘yicha ham yil davomida sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari asosida tashkil etilgan Ko‘kdala tumani bugungi kunda haqiqiy bunyodkorlik, yangilanish, o‘zgarishlar maskaniga aylangan.
Joriy o‘quv yilida viloyatda Prezident maktabi, A.Oripov nomidagi ijod maktabi qatorida 12 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyatini boshladi. Prezidentimizning ko‘rsatma va tavsiyalari asosida viloyatning 16 ta maktabida Finlyandiya tajribasi asosida ta’lim berishga mo‘ljallangan loyiha ustida ish olib borilmoqda. IT sohasida yoshlar bandligini yanada oshirish maqsadi Qarshi shahri va Kitob tumanida IT-park tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan. Eng katta boylik bu xalqning salomatligidir. Bu borada, investitsiya dasturi doirasida 53 milliard so‘m evaziga 12 ta tibbiyot muassasasi rekonstruksiya qilindi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 16 milliard so‘m evaziga 12 ta tibbiyot muassasasi ta’mirlandi. “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari” orqali uyma-uy yurib, aholi bilan muloqot qilindi.
Aholining muammolarini bartaraf etish, bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Ayollar daftari” orqali 60 mingdan ortiq, “Yoshlar daftari” orqali 30 mingga yaqin fuqarolarimizga yordam berildi. Bayram arafasida viloyatda 2000 nafardan ziyod turli sohalar rivoji uchun munosib hissa qo‘shayotgan faollar, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda boshqa shaxslar “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.