Barcha islohotlar inson manfaati uchun
Mamlakatimizning eng olis hududlaridagi mahallalarda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘lami kengaymoqda.
Respublika ishchi guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, bugunga qadar o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida hududlardagi ichki yo‘llar infratuzilmasi yo‘nalishida 438 ta ko‘cha asfalt qilinib, beton yotqizildi, piyodalar yo‘lagi barpo etildi.

Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 46 kilometr uzunlikdagi yangi elektr tarmog‘i tortildi, yoritish moslamalari, transformatorlar, uch mingdan ortiq simyog‘och ustuni beton ustunlarga almashtirildi. 695 ta yangi temir-beton ustun o‘rnatilgan.
Qishki mavsumga tayyorgarlik jarayonida aholini ko‘mir va gaz bilan ta’minlash yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Bu boradagi ishlarni yengillatish maqsadida hududlarda 84 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi va yangi tabiiy gaz tarmoqlari tortildi. Xususan, 78 kilometrlik gaz tarmog‘i ta’mirlanib, suyultirilgan gaz ballonlari va ko‘mir yetkazib berildi.

Aholining farovon turmushi uchun muhim bo‘lgan omillardan biri, albatta, toza ichimlik suvi ta’minoti. Respublika ishchi guruhi o‘rganishlari natijasida 77 kilometr uzunlikdagi yangi suv tarmog‘i tortilib, nosoz qismlari ta’mirlandi. 4 ta yangi ichimlik suvi inshooti (skvajina, minora, rezervuar, nasos stansiyasi) o‘rnatildi.
Obod hudud, avvalo, ozodaligi bilan ham ajralib turishi kerak. Shu ma’noda mahallalarda o‘tkazilgan obodonlashtirish ishlari natijasida 10 tonnaga yaqin chiqindi bartaraf etildi.

Mehnatga layoqatli fuqarolarga tikuv mashinalari, asbob-uskunalar va mehnat qurollari olib berildi, 103 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatilib, faoliyati uchun 5 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli kredit, 1 milliard so‘mdan ortiq subsidiyalar olishga ko‘maklashildi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagi fuqarolarga 953 million so‘mlik turli yordamlar ko‘rsatildi, yakka-yolg‘iz keksalarga ko‘mak berildi.

Aholi salomatligini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar natijasida 66 ming 320 nafar shaxs tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Davolanishi lozim bo‘lgan ko‘plab fuqarolarga orderlar, sihatgoh, sanatoriy va profilaktoriyalarga yo‘llanmalar berildi. Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan 4 mingga yaqin fuqaroga aravachalar, protez-ortopediya vositalari, bepul dori-darmonlar yetkazib berildi.

Mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yaxshilash borasida ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, oilalarda farzand tarbiyasi, ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish, sport musobaqalari o‘tkazish orqali hamjihatlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Uch avlod uchrashuvlari”, “Bir nafar nuroniyga o‘n nafar yosh” kabi ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot tadbirlari bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.
Prezident maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, tizimli ishlar o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, Ishchi guruh tarkibida Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, 20 ga yaqin idora hamda barcha viloyat, tuman (shahar) tashkilotlaridan mas’ullar biriktirilgan.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.
Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi,
O‘zA