Banklarni sanatsiya qilishda baholash o‘tkazish tartibi belgilandi
Bank tizimida aktivlar sifatini baholash, ehtimoliy yo‘qotishlarni oldindan hisobga olish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan yangi tartib belgilandi.
Adliya vazirligi tomonidan “Banklarda aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat 2026-yil 10-sentabrda 3937-son bilan ro‘yxatga olingan.
Yangi tartib banklar, jumladan, mikromoliya banklari hamda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarda aktivlar sifatini tasniflash, ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish va ulardan foydalanish mexanizmlarini belgilab beradi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, bank aktivlari sifatidan kelib chiqib, “standart”, “substandart”, “qoniqarsiz”, “shubhali”, “umidsiz” toifalarga ajratiladi. Ular bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun tegishlicha 1, 10, 25, 50 va 100 foiz miqdorida zaxira shakllantiriladi.
Aktivlarni tasniflashda ob’ektiv mezonlar hamda qarzdorning to‘lov qobiliyati va majburiyatlarni bajarish ehtimoli pastligiga oid mezonlar inobatga olinadi. Agar mazkur mezonlar bo‘yicha turlicha natija kelib chiqsa, aktiv uchun nisbatan yomonroq sifat toifasi qo‘llaniladi. Shuningdek, banklar, nobank kredit tashkilotlari, sug‘urta va lizing tashkilotlariga berilgan aktivlar uchun alohida tasniflash mezonlari belgilangan.
Restrukturizatsiya qilingan aktivning sifatini yaxshilash avtomatik ravishda amalga oshirilmaydi. Buning uchun belgilangan shartlar bajarilishi va tegishli sinov davridan o‘tish talab etiladi. Jumladan, aktiv xususiyatidan kelib chiqib, kamida 6 yoki 12 oylik sinov davri o‘tishi lozim. Bu davr qarzdorning o‘z majburiyatlarini barqaror ravishda bajarayotganini baholash imkonini beradi. Shakllantirilgan zaxiralar esa oyiga kamida bir marta qayta ko‘rib chiqiladi.
Yana bir muhim yangilik 2028-yil 1-yanvardan kuchga kiradi. Shu sanadan boshlab muammoli aktivlarga “foizlarni o‘stirmaslik” maqomi beriladi. Bunda hisoblangan, ammo amalda olinmagan foizlar va boshqa daromadlar balansdan tashqari hisobvaraqlarga o‘tkaziladi. Aktivlarni zaxira hisobidan balansdan tashqari hisobvaraqlarga o‘tkazish yoki ularni hisobdan chiqarish esa qarzdorning qarz majburiyatini bekor qilmaydi. Ya’ni, bankning qarzni undirish bo‘yicha huquq va imkoniyatlari saqlanib qoladi.
Mazkur tartibning joriy etilishi bank aktivlarining haqiqiy sifatini aniqroq baholash, ehtimoliy kredit yo‘qotishlariga o‘z vaqtida tayyorgarlik ko‘rish va bank tizimida moliyaviy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA