Bank vaqtida bermagan kredit olib berildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon tumanidagi Xalq qabulxonsiga joriy yilning birinchi yarmida jismoniy va yuridik shaxslardan 612 ta murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarning 607 tasi ko‘rib chiqilgan. 235 tasi yuqori tashkilotlarga yuborilgan. 4 ta murojaat ko‘rib chiqish uchun xalq qabulxonasida qoldirilgan. 433 tasi qanoatlantirilgan.
Tumanning “Tun Iroq”, “Xo‘ja Yakshaba” va “Siyoz Poyon” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisining tuman Xalq qabulxonasiga qishloqlarni ichimlik suvi bilan ta’minlashni so‘rab qilgan murojaati ijobiy hal qilindi. Natijada “Siyoz Poyon” MFY hududidagi suv inshooti 5 milliard. so‘mga ta’mirlanib ishga tushirildi. Endilikda ushbu inshoot suvidan tumanning “Tun Iroq” va “Xo‘ja Yakshaba” MFY aholisiga ham quvurlar tortilmoqda.Umuman olganda, inshootning ishga tushirilishi tufayli yil yakuniga qadar qariyb 10 ming aholi toza ichimlik suvidan bahramand bo‘ladi.
–“Hukumatobod” MFY Sabiyon qishlog‘i aholisi nomidan tuman Xalq qabulxonasiga maktabgacha ta’lim muassasasi qurish uchun murojaat qilgandim, – deydi fuqaro Samiya To‘rayeva. – Qilgan murojaatimga asosan ushbu qishloqda 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti qurib foydalanishga topshirildi. Bundan aholi juda ham mamnun.
Kogon tumani Kogon MFY Mallapo‘sh qishlog‘ida yashovchi, “Temir daftar”da ro‘yxatda turuvchi fuqaro Nazokat Tursunova joriy yilning 19 aprel kuni imtiyozli kredit olish uchun AT Xalq banki Kogon filiali bilan shartnoma imzolaydi. Biroq mazkur shartnoma bo‘yicha kredit ajratib berilmaganligi sababli Kogon tuman Xalq qabulxonasiga murojaat qiladi.
–Bank tomonidan kredit chiqarishda amaliy yordam berishni so‘rab murojaat qildim, – deydi Nazokat Tursunova. – Ushbu kredit, bir bosh qoramol uchun “Rahmonov Mirzohid dalasi” dehqon xo‘jaligi bilan tuzilgan shartnomaga asosan qoramol sotib olish uchun mazkur yilning fevral-mart oylarida tuzilgan edi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishim uchun “Tadbirkor ayol” sertifikatini ham olganman. Bank tomonidan kredit chiqarilmaganligi sabab Kogon tumani Xalq qabulxonasining aralashuvi bilan murojaatim ijobiy yechim topdi. Kredit chiqarilib, bir bosh qoramol oldim.
[gallery-3320]
Zarif Komilov,
Tohir Istatov (surat), O‘zA