Bank omonatlari 200 million so‘mgacha kafolatlanadi
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida Markaziy bankning Jamoatchilik bilan aloqalar va kommunikatsion siyosat departamenti loyiha menejeri Zilola Xudoyberdiyeva ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda bank xizmatlaridan foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va yangi talablar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, bank xizmatlari shaffofligini oshirish, mijozlarga to‘liq va tushunarli axborot berish hamda ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralar kuchaytirilmoqda.
2026-yilda aholi uchun ipoteka kreditlariga 23 trillion so‘m resurs, uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2,7 trillion so‘m subsidiya ajratilishi belgilangan. Imtiyozli ipoteka kreditlari miqdorini 15 foizga oshirish, iste’mol kreditlari hajmini esa 125 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.
2025-yilda qabul qilingan “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, yangi omonatlar bo‘yicha bir bankda bir omonatchiga 200 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ kafolatlanadi. Qonun kuchga kirgunga qadar bankka qo‘yilgan muddatli va jamg‘arma omonatlari esa miqdoridan qat’i nazar to‘liq kafolatlanadi. Kafolat tizimi tadbirkorlik sub’ektlari, jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning omonatlariga ham tatbiq etiladi.
– Markaziy bank o‘rganishlari davomida ayrim omonat shartnomalarida mijoz huquqlarini cheklashi mumkin bo‘lgan shartlar aniqlandi. Shu bois banklarga shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish va qonunchilikka zid bandlarni bartaraf etish topshirildi. 2026-yil 30-yanvardan banklar omonatlarni kafolatlash tizimi va kompensatsiya to‘lash tartibi haqida mijozlarga aniq axborot berishi shart.
Kredit oluvchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ham yangi talablar belgilandi. Banklar kredit berishdan oldin ehtimoliy xatarlar, jumladan, to‘lovni kechiktirish va qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida ma’lumot berishi lozim. Mijozning xohish-irodasini oldindan belgilash, ayrim xizmatlarga avtomatik rozilik olish va kredit parametrlarini oldindan to‘ldirish kabi amaliyotlar ham cheklanmoqda, – dedi Zilola Xudoyberdiyeva.
Prezidentning 2026-yil 15-iyuldagi PQ-265-son qarori ijrosi doirasida Markaziy bank Boshqaruvining 2026-yil 15-sentabrdagi 24/18-son qarori qabul qilinib, 30-sentabrda 3948-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, kredit reklamasida kreditni o‘z vaqtida to‘lamaslik iste’molchi uchun moliyaviy xatarlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish beriladi. U bosma va elektron reklama maydonining, audio va videoreklamada esa uning davomiyligining kamida 10 foizini egallashi kerak.
Kredit shartnomasining birinchi sahifasida ham “OGOHLANTIRISH!” matni joylashtiriladi. Unda qarz miqdorining oshishi, mol-mulkka undiruv qaratilishi, kafil yoki garovga qo‘yuvchining javobgarligi, hisobvaraqlar xatlanishi, ayrim hollarda O‘zbekistondan chiqish huquqi vaqtincha cheklanishi va kredit tarixi yomonlashishi mumkinligi ko‘rsatiladi.
2026-yil avgust oyida aholiga muddatli to‘lov xizmatlarini tartibga solish bo‘yicha ham yangi choralar belgilanib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va yashirin qarz yuki ortib ketishining oldini olish maqsad qilingan.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA