Bangladeshda chaqmoq urishi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi
Bangladeshning yetti tumanida kuchli momaqaldiroq va chaqmoq urishi bir kecha-kunduzda 14 insonning hayotiga zomin bo‘ldi. Qurbonlar – dala mehnatkashlari.
“Reuters” agentligi ma’lum qilishicha, marhumlarning aksari dala ishlari bilan band bo‘lgan fermerlardir. Ular to‘satdan boshlangan yog‘ingarchilik chog‘i daraxt panasiga o‘tishga uringan va baxtsiz hodisaga uchragan. Favqulodda vaziyatlar xizmati zararlangan hududlarda qutqaruv ishlarini olib boryapti. Tan jarohati olgan o‘nlab fuqaro kasalxonaga yetkazilgan, shifokorlar ayrim jabrlanganlar ahvolini og‘ir, deb baholagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Bangladeshda aprel-iyun oylari oralig‘ida kuzatiladigan an’anaviy issiq va nam havo yashin faollashishiga sabab bo‘ladi. Mamlakatda har yili yuzlab odam ayni tabiiy ofat qurboniga aylanadi. Shu bois 2016-yil chaqmoq chaqishi rasman tabiiy ofatlar ro‘yxatiga kiritilgan. Ekologlar fikricha, hududlarda baland daraxtlar kesilishi va o‘rmon maydoni kamayib ketayotgani chaqmoq to‘g‘ri odamlarga urilishi xavfini sezilarli darajada oshirib yuborgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA