Baliqchilik – serdaromad soha
Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilda tabiiy ko‘llarda 1 ming 700 tonna, sun’iy suv havzalarida esa 1 ming 500 tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida xalqimizning sifatli baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji ta’minlanmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilda tabiiy ko‘llarda 1 ming 700 tonna, sun’iy suv havzalarida esa 1 ming 500 tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan.
Mintaqada baliqchilik sohasini yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda 53 loyiha amalga oshirilishi kutilmoqda. Shulardan 6 tasi Amudaryo tumaniga to‘g‘ri keladi.
Tumandagi “Sho‘rko‘l-Mahkam” mas’uliyati cheklangan jamiyati a’zolari aholining baliq mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, sohaga intensiv usullarni joriy etish, baliq yetishtirishda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash borasida muhim chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
– Qilgan mehnatlarimiz zoye ketmadi, – deydi “Sho‘rko‘l-Mahkam” MChJ rahbari R.Imomiddinova. – Hozir 9 turdagi baliq parvarishlamoqdamiz. Sohani yanada rivojlantirish uchun intensiv usulda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik, baliqchilik xo‘jaliklariga shartnoma asosida chovoq ham yetishtirib bermoqdamiz.
Tumandagi Do‘rmon qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji bilan tuzilgan shartnoma asosida kollej o‘quvchilari xo‘jalikda ishlab chiqarish amaliyotini o‘taydi.
– Kollejda olgan nazariy bilimlarimni shu yerda sinab ko‘rib, yanada mustahkamladim, – deydi Doniyor Qodirov. – Baliqni ko‘paytirish, turlariga qarab oziqlantirish texnologiyalarini o‘rgandik. Men ham kelajakda baliqchilik xo‘jaligini tashkil etmoqchiman.