Bahordek g‘animat, quyoshdek mangu
Serzug‘um qishni quvib, bahor keldi. Yasharish fasli onalarimizdek mehribon, iliq, tafti juda yoqimli. Atrof binafsha iforiga to‘lgan.
Oyijonim – mehribonim, mehr quyoshim, sirdoshim, dildoshim, ustozim va eng yaqin dugonam edilar. Binafsha ochilishi bilan, gullarni bir to‘p qilib, terib ularga keltirardim. “Omonlik-somonlik, boshimiz hech ko‘rmasin yomonlik”, deb ko‘klamning ilk mitti gullarini ko‘zlariga surtar edilar. El-yurtga, oilalar, xonadonlarga tinchlik va omonlik tilab duolar qilardilar. Baravj o‘smalar endi qaldirg‘och qoshlaringizni sog‘inyapti...
Ko‘pincha yozishga o‘tirsam, “Nimalarni yozayapsan, meni ham yozgin, men haqimda ham yozgin”, deb aytardilar. Afsus, yozish shu paytga to‘g‘ri kelibdi, ming afsus!!!
Urush tugab, odamlar qalbida yaxshilik, omonlikka umidvorlik, yaqinlariyu jigarlarini salomat ko‘rish istagi paydo bo‘lgan yilda tug‘ilgan edilar. Oddiy, serfarzand, sertashvish, seryumush oilada kamolga yetdilar. Ikkita katta opa turmushga erta uchirma bo‘lib ketgach, aka-ukalarning kir-chiri, osh-ovqat, singillarga qarash, ro‘zg‘ordagi barcha yumushlar, buvimga dastyorlik o‘zlariga qolib ketdi. Katta hovli, yumushlari ham shunga yarasha – bitmas-tuganmas. Tushunishimcha, ko‘pchilik o‘zbek ayollarida bo‘lgani kabi onajonimdagi mehnatsevarlik, oddiylik, kamtarinlik, har bir ne’matning qadriga yetish, shukronalik, sabr-qanoat, jonfidolik, kuydi-pishdi fe’l-atvorning ildizi aynan bolalik yillari, ehtimolki, buvim bilan bobomning tarbiyasidan, o‘sha qattiq-qiyin, og‘ir yillar ta’siridan.

Avval Toshkentdagi pedagogika bilim yurtini, keyin esa Toshkent davlat universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomladilar. Otam bilan oila qurishdi. Farzandlarni oq yuvib, oq taradilar...
Qirq besh yilmi, balki ellik yil maktabda oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishladilar. Yuzlab, minglab o‘quvchilarga ta’lim berdilar. Ko‘cha-ko‘yda, jamoat transportida birga yurganimizda “Assalomu alaykum, ustoz!” deb qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom berganlar borki, oyijonim o‘qitgan sobiq o‘quvchilaridan biri bo‘lib chiqardi. Oyimdan ham avval men xursand bo‘lib, shunday halol, zahmatkash ustoz, muallima onajonim borligidan terimga sig‘may quvonib ketardim. Yuzlab, minglab o‘quvchilaringiz bugun jamiyat hayotining turli sohalarida faol mehnat qilmoqdalar. Kimdir tadbirkor, boshqasi o‘zingizdek pedagog, qay biri muhandis, birov musiqachi, yana kimdir oddiy ishchi. Har ne bo‘lganida ham, bir o‘qituvchi zimmasida bo‘lgan vazifani halollik bilan vijdonan ado etdilar. Shuning o‘zi ehtimolki, muqaddas ziyoratlar savobidan ortiq ekanini hamkasblari, otinoyilar, yaqinlaru qarindoshlar ko‘p marta e’tirof etdilar.

Oyijonim bugun yurtimizda ustozlarga bo‘lgan e’tiborga mudom havas qilar edilar... “Qani endi, men ham maktabga borib bolalarga dars bersam!” Avvalgi paytlardagi o‘qituvchilarning yangi qurilish ob’ektlarida ishlash, ko‘cha-ko‘yni supurish, paxta terimi, yana boshqa pedagog uchun mutlaqo daxli bo‘lmagan ishlarga muttasil jalb etilishidek yumushlarning og‘ir-yengilini boshlaridan ko‘p o‘tkazgan edilar!
...Opam mustaqil hayotga uchirma bo‘ldilar. Birin-ketin xonadonimizdagi o‘g‘illar uylandi. Onajonim oiladagi turli tashvishlar sabab maktabdan bo‘shab, uyda o‘tirishga majbur bo‘ldilar. Aslida xonadonga kelin tushgach, uy-ro‘zg‘or yumushi ancha yengillashadi, deyishadi. Lekin bizda buning aksi. Tashvishu yumushlar ortganidan ortgandi... Qudalariga kelinni o‘qitishga va’da bergandilar. Onajonim aytgan va’dalarining ustidan chiqdilar. So‘zlarida turdilar. Kelinlardan biri xonadonimizga kelganidan buyon o‘qiydi. Kelinimiz – uch farzandning onasi – o‘qishga boshi bilan sho‘ng‘igan. Onamdayin mard, ahdida turadigan, ma’rifatli qaynonalar ko‘paysa yurtning baxtu iqboli kuladi.

Mehribonim, mehriquyoshim, munisim, mushfiqim, kamtarin, mehrga zorim... Oqqushdayin, pari-qushdayin uchib ketgan mushtiparim. O‘zlaridan boshqa hammaning, hamma ne’matlarning qadriga yetar edilar. Tuproqdan-da xokisor, baland tog‘lardan-da mag‘rur... Bu ikki fazilat qanday qilib bir insonda uyg‘un bo‘lishi mumkin – aqlimga sig‘dirolmayman. Odamlar bilan muomala-munosabatda, xizmat vazifasiga yondashishda, o‘qishda, ishda, hayotda doim halol, to‘g‘ri bo‘lishga undar edilar. Keltirgan kitoblarimni barini bitta qo‘ymay o‘qir edilar. “Ko‘zim xiralashib ketayaptiya”, deb yana va yana mutolaaga sho‘ng‘irdilar. O‘qigan kitoblarining barida endi qog‘oz tasmachalardan belgilar qolgan. Mana Qur’on, “Mustajob duolar”, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Maxtumquli, Oybek, G‘afur G‘ulom, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva, Rauf Parfi, Xayriddin Sulton, Sirojiddin Sayyid, Guljahon Mardonova, ehhe qancha kitoblar... Adabiyotsevarlarning ustozi, so‘z san’atining donishmandi va zahmatkashi Ibrohim G‘afurov oynaijahon orqali ko‘rinsalar, o‘zlari qolib, ustozni duo qilardilar “ilohim, umrlari uzoq bo‘lsin!”...
Aslida bu birgina mening Onajonimning emas, O‘zbekistonimizdagi, jahondagi millionlab oddiy, kamtar, kamsuqum, mehribon, mehnatsevar, qo‘llari qadoq Onalarning portreti.
Ustozimizning adabiy anjumanlardan birida “Inson yonidagi yaqin insonini negadir mangu yashaydi, hech qachon chin dunyoga ketmaydi, deb yanglish o‘ylarkan”, degan so‘zlari qulog‘im ostida jaranglayveradi...
Muqaddas Vatanimning aziz tuprog‘iga shu tabarruk yurtning bir qismi bo‘lib singib ketgan Onajonim! “Ona-Vatan”, “ona-O‘zbekiston”, “ona-diyor”, “ona-tabiat”, “ona-sayyora” so‘zlarida qancha hikmatlar bor ekan-a! Bu so‘zlarga “Ona” so‘zining vobastaligida qanchalar ma’no bor. Bahordek go‘zal, bahordek g‘animat otajonu onajonlarimizni asrash, avaylash, e’zozlash, o‘tgan bo‘lsalar, haqlariga bugungi ma’rifat va shafoatga, mehr-muruvvatga to‘lib toshgan muqaddas Ramazon oyida yanada ko‘proq tilovat va xayrli duolar qilish, hayotning, tiriklikning, umrdek bebaho ne’matning, yaqinlarimizning qadriga yetish eng ustuvor burchimiz. Vatan kabi mo‘’tabar, ardoqli Onalarimiz qalbimizni quyoshdek yoritib, yuraklarda mangu yashaydilar!
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri