Bag‘rikenglik va adolat yo‘lidagi umr (+video)
Mamlakatimizdagi Qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi, hayot yo‘lini mehnat, adolat va inson qadriga bag‘ishlagan Rahmatilla Jabborov muborak 75 yoshni qarshi oladi.
U kishi oddiy mehnatkash oilada tarbiya topib, bolaligidan halollik, bag‘rikenglik va insonga yaxshilik qilish g‘oyalari bilan ulg‘aydi. Ota-onasidan olgan tarbiyasi uning butun hayoti va faoliyatida mustahkam tamoyilga aylandi. Qayerda ishlamasin, qaysi vazifada bo‘lmasin, inson sha’nini ulug‘lash, adolat bilan ish tutishni o‘zining asosiy burchi deb bildi.
Rahmatilla Jabborov mehnat faoliyati davomida turli mas’ul vazifalarda ishlab, yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shdi. Qahramonimiz rahbarlik — avvalo inson qalbini tushunish, odamlarga yordam berish va ularni asrash ekanini doimo ta’kidlab keladi. Inson xatoni bilib ham, bilmay ham qilishi mumkin. Agar bilmasa, unga yordam berish, o‘rgatish kerak, degan hayotiy qarash uning butun faoliyatida aks etib turadi.
Ayniqsa, millatlararo totuvlik va do‘stlikni mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari alohida e’tirofga loyiq. Rahmatilla Jabborov O‘zbekistonni bag‘rikeng va ko‘p millatli yurt sifatida qadrlaydi, turli millat vakillari o‘rtasidagi hamjihatlikni eng katta boylik deb biladi. Shu bois ham uni yaxshi taniydiganlar Rahmatilla Jabborovni xalqparvar, samimiy va doimo odamlar dardiga quloq tutadigan inson sifatida hurmat qiladi.
Bugun 75 yoshni qarshi olayotgan ustozning hayot tajribasi, hayotiy falsafasi va insonparvarlikka yo‘g‘rilgan fikrlari ko‘pchilik uchun ibrat maktabi. U kishining sermazmun umr yo‘li mehnat, bag‘rikenglik va Vatanga sadoqat namunasidir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DqsPdx0HeQc" title="Bagʻrikenglik va adolat yoʻlidagi umr" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
N.Abduvoitov (video),
A.Ahmedov (montaj),
O‘zA