Bag‘rikenglik timsolisan, o‘zbek tilim
21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
Xalqning Vatani, davlatidan tashqari yana bir buyuk boyligi bor. Bu ham bo‘lsa uning tilidir. Aynan til odamlar guruhini bir millat sifatida biriktiradi, ya’ni xalqni – xalq, millatni – millat sifatida dunyoga tanitadi.
Yurtimizda 21 oktyabr sanasi “O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun” sifatida keng ko‘lamda nishonlanadi, bayram qilinadi. Bundan 32 yil oldin ushbu sanada “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi.
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz ikki yilligi keng nishonlanmoqda.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi, viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi, “Alisher Navoiy nodir merosi targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi hamkorligida Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyotiga ixtisoslashtirilgan 19-umumta’lim maktabida “Bag‘rikenglik timsolisan, o‘zbek tilim” mavzusida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etganlar shaxs, jamiyat va davlat hayotida til, xususan o‘zbek tili – davlat tilining ahamiyati, til sohasida bugungi muammolar, o‘zbek tili rivoji uchun yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Axborot kommunikatsiya texnologiyalarining shiddat bilan rivoji axborot tarqalishini tezlashtirdi, ma’lumotlar oqimi va rang-barangligini kuchaytirdi, geografik hududlarni yaqinlashtirdi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi Faxriddin Soliyev. – Axborot makonida madaniyatlar, qadriyatlar, qolaversa, tillar o‘rtasida manfaatlar va yashovchanlik borasida to‘qnashuvlar yuz bermoqda. Shunday keskin raqobat sharoitida milliy o‘zligimizni saqlab qolishda, millat bo‘lib yashashimiz va rivojlanishimizda yer osti boyliklari, zamonaviy bino va inshootlar, texnologiyalar emas, balki ona tilimiz bo‘lmish o‘zbek tili asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Uni asramoq, himoyalamoq, rivojlantirmoq bu biz uchun muqaddas burch, e’tiqod, har narsadan ustuvor vazifadir. Buning uchun ko‘proq o‘zbek tilida muloqot qilishimiz, boshqa millat vakillariga nisbatan hurmatni saqlagan holda ularga ham o‘rgatishimiz lozim. Til mavzusiga bag‘ishlangan tadbirlarni yil davomida tashkil qilish, unga turli millat vakillarini taklif etishimiz maqsadga muvofiq.

Ta’kidlanganidek, o‘tkazilayotgan bu kabi bayram tadbirlari, shubhasiz kelajak avlod qalbida ona vatanga, ona tilimizga bo‘lgan hurmat va muhabbatning yanada ortishi, uning nechog‘lik ahamiyatga ega ekanligini anglab yetishlariga xizmat qiladi.
Tadbirda o‘quvchi yoshlar tomonidan ona tili, Vatanni tarannum etuvchi she’rlar, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Mushoirada g‘olib bo‘lgan va til bayramida faol qatnashgan o‘quvchilar “Mahalla” fondi viloyat bo‘limining diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA