Bag‘dodda 4 mingdan ziyod oilaga bug‘doy tarqatildi
Bu yilgi g‘alla xirmoni barokatli amallarga boy bo‘lmoqda. Gektarlardan mo‘l hosil yetishtirgan fermer xo‘jaliklari, klasterlar tashabbusi bilan ehtiyojmand oilalarga bepul don, somon tarqatish an’analari quloch yoydi.
Qurbon hayiti arafasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida minglab xonadonlarga to‘kin-sochinlik, rizq-ro‘z va xayr-baraka kirib bormoqda. Xayrli va savobli amallar Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida ham ko‘tarinkilik, uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.

Shu kunga qadar ulkan xirmon uygan fermer hamda g‘allachilik klaster korxonasi tomonidan 4 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarga 700 tonnadan ortiq bug‘doy, 39 ming 300 dona somon bog‘lamlari tarqatildi.

G‘alladan bo‘shagan ekin maydonlari 1 ming 960 ta oilaga takroriy ekin ekish uchun ajratib berildi. “Bag‘dod qishloq xo‘jalik texnika g‘allachilik” klaster korxonasi 1000 ta kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bug‘doy yetkazib berdi.
M.Sulaymonov, O‘zA