“Bag‘dod tajribasi” yurtimiz bo‘ylab ommalashmoqda
Bag‘dod tumanidagi “Muruvvat” mahalla fuqarolar yig‘inidagi dasht va toshloqdan iborat bo‘lgan hududda shaharcha barpo etilishiga ko‘pchilik ishonmagan edi.
Qisqa fursat ichida barcha qulayliklarga ega yangi massiv qad rostlab, barcha havas qiladigan maskanga aylandi. Bu yerdagi zamonaviy uy-joylarda yashashning zavqi, shavqi o‘zgacha. Respublika hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Guliston shaharchasiga media-tur tashkil qilindi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlanib, “Bag‘dod tajribasi” sifatida e’tirof etilgan ushbu shaharchada qad rostlagan 61 ta ko‘p qavatli turar-joy binolari hamda mahalla binosi, kovorking markazi, madaniyat saroyi, poliklinika, maktabgacha ta’lim muassasasi, umumiy o‘rta ta’lim maktabi, sport-sog‘lomlashtirish va ko‘plab savdo majmualari press-tur ishtirokchilarini e’tiborsiz qoldirmadi.
– Mazkur shaharchaga tamal toshi qo‘yilayotgan pallada kelib, jarayonlar xususida tezkor axborot lavhalari tayyorlagan edim, – deydi bloger Usmonjon Qodirov. – Undan keyin ham xizmat vazifamizga ko‘ra Gulistonga tez-tez kelib turdim. Lekin to‘g‘risini aytsam, shaharchaning bugungi qiyofasini tasavvur qila olmas edim o‘shanda. Mana, bugun amin bo‘ldimki, insonning qo‘li gul – istak va xohish bo‘lsa, hamjihatlik va birdamlik bo‘lsa, har qanday mushkul ishni ham uddalasa bo‘ladi. Atigi 6 oy ichida shu qadar ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilibdi, ko‘rib ko‘zlarimiz quvnayapti, bag‘dodliklarga havasimiz kelyapti.
Tuman hokimi Vosiljon Nazarov jurnalistlar va blogerlar bilan suhbatda Guliston shaharchasining qurilishi, bunda qad rostlagan bino-inshootlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
– Yangi O‘zbekistonning shinam va har tomonlama qulay bo‘lgan yangi massivi hisobiga tumandagi 1 ming 200 dan ortiq oila uy-joyli bo‘ldi. Bundan tashqari, shaharcha aholisining bandligini ta’minlash, ular uchun real daromad manbalarini yaratish alohida e’tiborga olindi. Shu maqsadda, yondosh hududda har biri 10 sotixdan iborat mingta issiqxona barpo etilmoqda. Bu issiqxonalarning 400 dan ziyodrog‘i egalariga topshirilgan va ular halol mehnatlari evaziga yetishtirilgan dastlabki hosildan millionlab daromad olishni boshladi. Shuningdek, “Muruvvat” kichik sanoat zonasida o‘nlab yangi tadbirkorlik loyihalari ish boshladiki, natijada 280 dan ortiq ish o‘rinlari yaratildi. Bularning barchasi – inson qadri ulug‘langan islohotlarning hayotiy namunasidir, – dedi tuman hokimi.
Media-tur ishtirokchilari yangi xonadon egalari bilan suhbatlashdi. Madaniyat saroyida san’atning turli yo‘nalishlarida o‘z mahoratini toblayotgan yoshlarning ijodiy mashqlarini kuzatishdi. Keng, yorug‘, zamonaviy maktab va bog‘chada yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi. Issiqxona majmuasida yosh dehqonlar tomonidan yetishtirilayotgan bodring, qulupnay va boshqa rezavorlar parvarishibilan tanishishdi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan “Tomorqadan boqqa” shiori ostida o‘tkazilgan ko‘chat ekish aksiyasida – maktablarning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari bilan birga jurnalistlar va blogerlar ham ishtirok etdi. Aksiya davomida Guliston shaharchasi hududida 70 tup manzarali va 60 tup mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shuningdek, media-tur ishtirokchilari “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
M. Sulaymonov, O‘zA