Badiiy gimnastika: «Yangi O‘zbekiston» xalqaro turniri g‘oliblari aniqlandi
Poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha «Yangi O‘zbekiston» xalqaro turnirining final bahslari yakunlandi.
Musobaqaning yakkalik dasturida Taxmina Ikromova halqa, to‘p, bulavalar va tasma bilan mashqlarda g‘olib bo‘lib, to‘rtta oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Halqa bilan mashq bajarishda Lola Jo‘rayeva kumush, Zlata Arkatova bronza medalga sazovor bo‘ldi. To‘p bilan mashqda Anastasiya Saranseva hamda Brianna Labadan kuchli uchlikdan joy oldi. Bulavalar bilan mashq bajarishda Natalya Usova kumush, Zlata Arkatova bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, tasma bilan mashqda Lola Jo‘rayeva ikkinchi, Zlata Arkatova uchinchi o‘rinni egalladi.
Guruh mashqlarida 5 ta to‘p bilan dasturda Mumtozabonu Ishoqzoda, Evelina Atalyans, Amaliya Mamedova, Yasmina Mkrtcheva va Yuliya Valevatayadan iborat O‘zbekiston terma jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.

3 ta halqa va 2 ta juft bulava bilan dasturda esa Diana Hakimova, Sofiya Usova, Irodaxon Sodiqova, Milana Safina va Yosina Jo‘rayevadan iborat O‘zbekiston jamoasi g‘olib deya e’tirof etildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA