Badiiy gimnastika: Jahon kubogining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi
Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Bugun, 10-aprel kuni Gimnastika bo‘yicha Respublika markaziy o‘quv-sport maktabida musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Gimnastika federatsiyasi hamkorligida Xalqaro gimnastika federatsiyasi shafeligida tashkil etilayotgan mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etish uchun mamlakatimizga Armaniston, Braziliya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Isroil, Italiya, Kanada, Xitoy, Meksika, Portugaliya, Ruminiya, Singapur, AQSH, Turkiya, Filippin, Chexiya Respublikasi, Shveysariya, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa qator davlatlardan eng kuchli gimnastikachilar tashrif buyurgan.
Tantanali marosimda O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov hamda sport sohasining qator mutasaddilari va nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.
Marosim Davlat madhiyasi sadolari ostida boshlandi. So‘ngra 39 ta davlat terma jamoalari a’zolari bayramona kayfiyatda muhtasham saroyga kirib keldi.
[gallery-28693]
Mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi yuksak natijalarda namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, badiiy gimnastika kabi qizlar sportini ommalashtirish, malakali murabbiylar tayyorlash va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotir.
O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi mamlakatimizda sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, trampolin, akrobatikani ommalashtirishga doir izchil ishlarni amalga oshirmoqda. Davlatimiz ko‘magida iqtidorli sportchilarni aniqlashga yordam berayotgan mintaqaviy va respublika musobaqalari muntazam o‘tkazilmoqda.
Jahon kubogi bosqichi Prezidentimizning 2022-yil 23-dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2025-yil 8-iyuldagi “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.
Musobaqada jahon miqyosidagi mashhur gimnastika yulduzlari — Darya Varfolomeyev (Germaniya), Mariya Santos, Rita Pereyra, Beatriz Gonsalvesh (Portugaliya), Emeshe Dyulay (Vengriya), Katrin Kallio (Finlyandiya), Sakura Suruta, Yui Matsusaka, Riko Tanaka (Yaponiya), Van Szilu (Xitoy) ishtirok etmoqda.
Shuningdek, Xitoy terma jamoasining guruh mashqlari bo‘yicha Olimpiya chempionlari, Yaponiya, Bolgariya va Italiya jamoalari ham bahslarda qatnashmoqda.
Quvonarlisi, O‘zbekiston terma jamoasi safida ham iqtidorli sportchilar ishtirok etmoqda. Yakkalik dasturida Taxmina Ikromova va Lola Jo‘rayeva, guruh mashqlarida esa Mumtozabonu Ishoqzoda, Amaliya Mamedova, Evelina Atalyans, Yasmina Mkrtcheva, Yuliya Valevataya hamda Samira Ahmedova o‘z mahoratini namoyish etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA