BAA va qator davlatlar mintaqadagi vaziyatni muhokam qildi
BAA Bosh vaziri o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Shayx Abdulloh bin Zoid Ol Nahayon Eronning mamlakat va mintaqadagi qator mamlakatlarga qarshi amalga oshirgan raketa hujumlaridan keyingi vaziyat yuzasidan bir necha davlat rasmiylari bilan telefon orqali muloqot o‘tkazgan. Bu haqda O‘zA hamkori WAM nashri yozdi.
Xususan Serbiya, Buyuk Britaniya, Misr, Bahrayn tashqi ishlar vazirlari Marko Jurich, Ivett Kuper, Badr Abdulattiy, Abdullatif bin Rashid al-Zayoniy hamda Gretsiya milliy mudofaa vaziri Nikos Dendias bilan kechgan muloqotlarda voqealarning og‘ir oqibati muhokama qilingan. Bunday harakatlar mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka tahdid solishi, shuningdek jahon iqtisodiyoti va energetika xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlangan. Hujumlar keskin qoralanib, tahdidga uchragan davlatlar o‘z suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun zarur choralar ko‘rishga to‘liq haqli ekani bildirilgan.
BAA mulozimi mazkur davlatlar vakillariga hamjihatlik uchun minnatdorlik izhor etib, mamlakatda yashovchi fuqarolar va mehmonlar xavfsizligi ta’minlanganiga urg‘u bergan. Tomonlar mintaqadagi inqirozni hal etishda muloqot va diplomatiya muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA