Mintaqaviy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik
Bugungi globallashuv jarayonida davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va manfaatli hamkorlikni mustahkamlash barqaror taraqqiyotning muhim shartlaridan biriga aylanmoqda.
Ayniqsa, tarixiy rishtalar, mushtarak qadriyatlar va umumiy manfaatlar bilan bog‘langan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamjihatlik mintaqaning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning 7–9-oktabr kunlari Turkmanistonga amalga oshirgan amaliy tashrifi, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammitidagi ishtiroki ana shu maqsadlarga qaratilgan muhim xalqaro muloqotlardan biri bo‘ldi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ikki mamlakat o‘rtasida Oliy darajadagi strategik sheriklik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi siyosiy muloqotni mustahkamlash, ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikni muvofiqlashtirish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni izchil amalga oshirish uchun muhim institutsional asos yaratadi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish, shuningdek, chegaraoldi savdo munosabatlarini faollashtirish masalalariga e’tibor qaratilgani ikki mamlakat hamkorligining amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.
Ayniqsa, o‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochish hamda aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar orasida mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy transport yo‘laklarini o‘zaro muvofiqlashtirish hamda yashil energetika imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari alohida o‘rin tutadi. Bunday yondashuv davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni oddiy tovar ayirboshlash doirasidan chiqarib, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar yaratish va yangi texnologiyalarni joriy etish bosqichiga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mintaqamiz uchun dolzarb bo‘lgan suv resurslaridan oqilona foydalanish va Orolbo‘yi ekologik muammolarini hal etish masalalari ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va tabiiy resurslarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan sharoitda ushbu muammolarni alohida davlatlar doirasida emas, balki o‘zaro muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlar orqali hal etish yuksak ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonning xalqaro maydondagi tashabbuslari, qo‘shni davlatlar bilan ochiq va konstruktiv muloqotni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari mamlakatimiz tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bunda asosiy e’tibor o‘zaro manfaatlarni uyg‘unlashtirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, iqtisodiy taraqqiyot uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilmoqda.
Prezidentimizning Turkmanistonga amaliy tashrifi va xalqaro sammitlardagi ishtiroki O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan siyosatining muhim jihatlarini namoyon etdi. Erishilgan kelishuvlar va ilgari surilgan tashabbuslarning amaliyotga izchil tatbiq etilishi davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Nurlibay Qaypbergenov,
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi
O‘zA