“Ayt, sen Ayoziy she’rlaridan” nomli konsert dasturi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, qoraqalpoq she’riyatining buyuk namoyandasi Ibroyim Yusupovning 97 yilligiga va O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, davlat mukofotlari sovrindori, bastakor Najimatdin Muhammeddinov ijodiga bag‘ishlangan “Ayt, sen Ayoziy she’rlaridan” nomli konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi M.Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi K.Karimov, “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi raisi T.Abdijabbarov so‘zga chiqib, Ibroyim Yusupov hamda taniqli bastakor Najimatdin Muhammeddinov ijodiga to‘xtaldi va shoir tavalludining 97 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tayotgani qayd etildi.
[gallery-29226]
Ibroyim Yusupov 1929-yil 5-mayda Chimboy tumanida tug‘ilgan. Ijodkorning “Baxt lirikasi”, “Kunchiqar yo‘lovchisiga”, “O‘ylar”, “Yetti navo”, “Dala orzulari”, “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar”, “To‘maris”, “Ilhom”, “Tashvishlarga boy dunyo”, “Tuzli shamollar”, “Ko‘ngildagi keng dunyo”, “Bekligingni buzma sen…”, “Har kimning o‘z zamoni bor” nomli she’riy kitoblari va “Tanlangan asarlar” to‘plamlari nashr etilgan. Uning she’rlari qozoq, ukrain, belorus, gruzin, latish, bolgar va boshqa xalqlar tillariga tarjima qilingan.
Ibroyim Yusupov “El-yurt hurmati”, “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlangan. Yurtboshimizning qarori bilan Nukusda Ibroyim Yusupov haykali va uning nomidagi ijod maktabi barpo etildi.
Konsert dasturi davomida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filialining “Jayxun” xalq cholg‘u hamda simfonik orkestrlari tomonidan jonli ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.