Ayollar tadbirkorligiga berilgan kreditlar ulushi oshmoqda
Markaziy bank tomonidan "Tijorat banklari tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan kreditlar" yuzasidan ma’lumot e’lon qilindi.
Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston banklari tomonidan mikro, kichik va o‘rta biznesga ajratilgan jami 63,6 trln. so‘m kreditlarning 19 foizi ya’ni 11,4 trln. so‘m 261 308 ta ayollar tadbirkorligiga ajratilgan.
Hududlar kesimida ayollar tadbirkorligiga ajratilgan kreditlar miqdori bo‘yicha Toshkent shahri (1,9 trln. so‘m), Toshkent viloyati (1,2 trln. so‘m) va Qashqadaryo viloyati (956 mlrd. so‘m) yetakchilik qilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, davlatimiz rahbari joriy yil mart oyidagi Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida O‘zmilliybank 200 ming, Mikrokreditbank 160 ming, O‘zsanoatqurilishbank 160 ming, Xalq banki 150 ming, Turonbank 150 ming, Agrobank 144 ming, Biznesni rivojlantirish banki 94 ming, Asakabank 82 ming, Aloqabank 58 ming nafar ayollarni bankka biriktirilgan yo‘nalishlarda ish bilan ta’minlashga, Xalq banki 100 ming nafar ayolni o‘zini o‘zi band qilishga ko‘maklashishi haqida aytgandi. Shuningdek, aynan shu maqsadda bu yil qo‘shimcha 3,3 trillion so‘m ajratilishini qayd etgan edi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA