Ayollar muammolariga yo‘l topib
Prezidentimiz 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 17 milliondan ziyod xotin-qizlarga munosib sharoit yaratib berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish zarurligiga e’tibor qaratgandi.
Davlatimiz rahbarining xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularga yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha navbatdagi qadam sifatida Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etishga oid taklifi yurtdoshlarimiz, ayniqsa opa-singillarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. bugungi kunda samarali faoliyat olib borayotgan mazkur Kengash o‘z faoliyati davomida nimalarga e’tibor qaratmoqda? Ayni savol bilan Kengash raisining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma’rupovaga murojaat qildik.
- Respublika xotin-qizlar kengashi faoliyatining tashkil etilishi asoslari xususida to‘xtalib o‘tsangiz.
- Oila, ayollarning og‘irini yengil qilish, ularning kundalik tashvishlarining barham topishi, qizlarning kelajagi haqida qayg‘urish Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarda doim ustuvorlik kasb etgan. Ayni damda Murojaatnomada qayd etilganidek, opa-singillarimizning hammaga ham aytavermaydigan dardu tashvishlari, kundalik muammolari, orzu-niyatlarini ularning o‘zidan yaxshi tushunadigan inson yo‘q. Shu ma’noda, kengashimiz o‘z faoliyatida ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi, munosib ish topishi uchun uchun har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash, qobiliyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, ayollarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ta’minlash kabi masalalarga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
Shu bilan birga, ayollarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarni chuqur tahlil etish, ilg‘or tajribalar asosida mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha qonunchilik va amaliyotni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, hududiy xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari, mahallalardagi “Ayollar maslahat kengashlari” faoliyatini muvofiqlashtirish, “Ayollar daftari" bilan manzilli ishlash, mutasaddi tashkilotlar, sektorlar tomonidan xotin-qizlar muammolarini o‘z vaqtida bartaraf etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va boshqa tegishli sohalar bo‘yicha tizimli ishlar keng yo‘lga qo‘yildi.
- Ma’lumki, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi o‘z nomiga ko‘ra jamoatchilik asosidagi tuzilma. Bu esa kengash faoliyati o‘ziga xos yondashuvni talab etishi bilan birga, barcha ishlarni tegishli tarzda muvofiqlashtirib borishni ham talab etmoqda. Shularni e’tiborga olgan holda kengash faoliyati xususida batafsil to‘xtalib o‘tsangiz.
- Ta’kidlash joizki, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi o‘z nomi, ham faoliyati nuqtai nazaridan jamoatchilik asosida ish yuritadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva rahbarlik qilayotgan ushbu kengash o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni samarali amalga oshirishda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, Bandlik va mehnat munosabatlari, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Ichki ishlar vazirliklari, Oliy Majlis inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Yoshlar ishlari agentligi, Bosh prokuratura, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va boshqa tegishli tuzilmalar hamkorligida belgilangan vazifalar ijrosiga kirishilgan.
O‘tgan vaqt mobaynida xotin-qizlarni hunarmandchilikka jalb etish chora-tadbirlarini amalga oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Bunda, 2021 yil mobaynida har bir hududda asosan xotin-qizlar faoliyat yuritadigan hunarmandchilik turlariga ixtisoslashgan klasterlar faoliyati tajriba sifatida joriy etilishiga asosiy e’tibor qaratildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda Xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida grantlarni e’lon qilish bo‘yicha tanlov shartlari, uni o‘tkazish va xabardor qilish, natijalarini saralash bo‘yicha Nizom loyihasi ishlab chiqildi, Komissiya tarkibi shakllantirildi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi past bo‘lgan 20 ta tumanda xotin-qizlarni oilaviy biznes va xususiy tadbirkorlikning turli sohalariga keng jalb etish, ularning bandligini ta’minlash maqsadida kichik korxonalar tashkil etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda. Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari faoliyati samaradorligini oshirish, xotin-qizlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishda markazlarning o‘quv sifatini yaxshilash va qamrovini kengaytirish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
- “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi loyihalar mavjud muammolarni aniqlash, o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini bermoqda. Bu borada “Ayollar daftari” bilan ishlashda mavjud kamchiliklarni o‘rganish, tahlil etishda qanday natijalarga erishilmoqda?
- Davlatimiz rahbari tomonidan amaliyotga joriy etilgan “Temir daftar” dastlab pandemiya davrida oilalardagi kambag‘allikka barham berishdek katta maqsadlarni ko‘zlab tashkil etilgan. Odamlar turmush farovonligini oshirish, ularning og‘irini yengil qilish, muammolarga yechim topishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlagani sababli ham buni ulkan ijtimoiy ahamiyatga molik g‘oya, deyish mumkin. Agar “Temir daftar” oilalar bilan ishlashni ko‘zda tutsa, “Ayollar daftari” xotin-qizlar muammolariga yechim topish, “Yoshlar daftari” yigit-qizlarning bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘z biznesini ochish uchun imkon yaratishdek maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir.
Faoliyatimiz hamda yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda “Ayollar daftari”ni yuritish orqali ayollar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab- quvvatlashga alohida ahamiyat qaratyapmiz. “Ayollar daftari”ni shakllantirish bo‘yicha 6,5 million nafar 30 yoshdan yuqori bo‘lgan xotin-qizlar bilan muloqotlar o‘tkazilgan. Muammolarni o‘rganish natijasida 432 ming 781 nafar xotin-qiz “Ayollar daftar”iga kiritilgan. Bular ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz, boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand xotin-qizlar, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan ayollar, uy-joyini ta’mirlashga muhtoj I guruh nogironligi bo‘lgan ayollar, noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan xotin-qizlar, qaramog‘ida bir va undan ortiq I va II guruh nogironligi bo‘lgan bolalari mavjud yolg‘iz ayollar, tibbiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand, huquqiy yordam olishga muhtoj, psixologik maslahatga muhtoj opa-singillarimizdir. Hozirga qadar “Ayollar daftari”ga kiritilgan opa-singillarimizning 90 foizdan ortig‘ining muammolari hal etildi. Mavjud muammolarni hal etishga bandlikni ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tomorqadan daromad manbai sifatida foydalanishga ko‘maklashish, tadbirkorlikka jalb etish, moddiy va muruvvat yordami ko‘rsatish, uy-joylarni ta’mirlash va yaxshilash, manzilli tibbiy, huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish orqali erishildi.
Shu bilan birga, mahallalarda xotin-qizlarning moliyaviy-iqtisodiy savodxonligini oshirish bo‘yicha oyliklar tashkil etish, ozodlikdan mahrum etish joylaridan qaytgan xotin-qizlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, bandligini va ta’lim olishini ta’minlash, xotin-qizlarga kredit ajratish orqali ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish, ayollar muammolarini hal etishga xalqaro donorlarning grantlarini jalb etish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga oid elektron tijorat platformasini yaratish, farzand ko‘rish yoshidagi ayollar salomatligini muhofazalash bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ayni paytda fuqarolar yig‘inlari raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda soha mutaxassislari uchun manzilli o‘quv kurslarining onlayn platformasi yaratildi. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bo‘yicha tadbirlarni kuchaytirish, “Mahallamizning faxriy hunarmand ayoli” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Bularning barchasi yurtimiz ayollari og‘irini yengillatish, mavjud muammolarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nazokat Usmonova suhbatlashdi, O‘zA